O‘zbekistonlik futbolchi qizlar kubok g‘olibi bo‘lishdi

Obuna bo‘lish
O‘zbekistonlik qizlar turnir davomida barcha uchrashuvlarda yirik hisobdagi g‘alabalarni qayd etdi

TOShKENT, 18 okt – Sputnik. Toshkentda o‘tkazilgan 19 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi birinchi Markaziy Osiyo Futbol Assotsiatsiyasi kubogida O‘zbekiston U-19 qizlar terma jamoasi musobaqa g‘olibiga aylandi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi saytida ma’lum qilingan.

15-17 oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan mazkur turnirda 4 jamoa: Tojikiston, Eron, Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston jamoalari qatnashdi.

Ta’kidlash kerakki, o‘zbekistonlik qizlar turnir davomida barcha uchrashuvlarda yirik hisobdagi g‘alabalarni qayd etdi. Dastlabki uchrashuvda ular Tojikiston jamoasi ustidan 8:1 hisobida ustunlikka erishishgan bo‘lsa, keyingi o‘yinda qirg‘izistonlik qizlarni 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratishdi.

Turnirning so‘nggi uchrashuvida O‘zbekiston eronlik qizlarga qarshi maydonga tushdi. Ushbu o‘yin Bahrom Norsafarov boshqarib borayotgan O‘zbekiston U-19 terma jamoasining 3:0 hisobidagi yirik g‘alabasi bilan yakun topdi.

Shu tariqa  19 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi birinchi Markaziy Osiyo Futbol Assotsiatsiyasi kubogining ilk g‘olibi O‘zbekiston bo‘ldi.

Yangiliklar lentasi
0