TOShKENT, 18 okt — Sputnik. 1 oktabr kuni samarqandlik jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev Bosh vazirning Virtual qabulxonasiga ikkita taklif bilan murojaat yo‘llagandi, deb xabar beradi nuz.uz. murojaat muallifining aytishicha, birinchi murojaatga Samarqand shahar hokimiyati zudlik bilan javob qaytargan va muammo 10 kun ichida hal etilgan. Ikkinchi murojaat bo‘yicha hozircha javob olmagan.
Birinchi maktubda samarqandliklarning turli tashkilotlarga sanoqsiz murojaatlariga qaramasdan olti yildan buyon hal bo‘lmayotgan muammosi tilga olingandi. Gap So‘zangaron ko‘chasi boshlanishida qurilgan devor haqida bormoqda. U Registondan Eski shaharga olib boradigan ko‘chalarni hamda Samarqand tumanidagi yaqin-atrofdagi qishloqlarni bog‘laydigan yo‘lni to‘sib qo‘ygandi.
Samarqand atrofida beton yo‘l ochilguniga qadar Toshkentdan Kitob va Shahrisabzga, undan Termizga boradigan barcha transport aynan So‘zangaron ko‘chasi orqali o‘tardi. Boshqacha qilib aytganda, ushbu ko‘cha orqali Buyuk Ipak Yo‘lining bir qismi o‘tgandi. Lekin bir necha yil ilgari shaharning muhim qon tomiri to‘sib qo‘yildi.
Samarqandning eski shahar qismida ekanligi, ko‘chalarning juda torligi va inshootlar zich joylashgani bois kengaytirishning imkoni yo‘qligini hisobga oladigan bo‘lsak, bu ko‘chaning avtomobil harakati uchun yopib qo‘yilishi shahardagi vaziyatni yanada qiyinlashtirdi va aholining noroziligiga sabab bo‘layotgandi.
11 oktabr kuni Registon maydoni yaqinidagi mahalla vakillari bilan uchrashgan shahar hokimi Akbar Shukurov So‘zangaron ko‘chasini to‘sib turgan devor olib tashlanishini ma’lum qildi. "Men ushbu qaror haqida ma’lum qilish uchun o‘rinbosarlarimdan birini jo‘natishim ham mumkin edi, lekin Shavkat Miromonovich Virtual qabulxonaga kelib tushgan har bir murojaat va taklif bilan shaxsan rahbarlarning o‘zi shug‘ullanishini ta’kidlagan", — dedi shahar hokimi.
U shu zahoti birinchi o‘rinbosari O‘tkir Abdullayevga shahar arxitektura va obodonlashtirish bo‘limlari rahbarlari bilan birgalikda yo‘lga asfalt yotqizish va sug‘orish tizimini tartibga keltirish masalasini hal qilishni buyurdi. Shahar hokimi uylari yo‘l yoqasida joylashgan fuqarolarni binolarning old qismini obodonlashtirishga chaqirdi. Shunday qilib, olti yildan buyon aholini qiynab kelayotgan muammo 10 kunda o‘z yechimini topdi.
Muallif Bosh vazirga yana bir taklif bilan murojaat qilgan. U shahar va tuman yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limlarida maxsus jamoatchilik kengashlarini tuzishni taklif etmoqda. Kengash tarkibiga YHXB mutaxassislari, arxitektura, obodonlashtirish, yo‘l qurilishi bo‘limlari, jamoatchilik vakillari kiritiladi.
Kengash har uch oyda yig‘ilib, ko‘chalarning holatini o‘rganadi va qayerga svetofor o‘rnatish, qayerda eskirib qolgan yo‘l belgisini almashtirish,qaysi ko‘chani ta’mirlash kerakligi borasida tavsiya beradi.
Muallif hozircha ushbu taklifga javob olmagan.