TOShKENT, 18 okt — Sputnik. RoomGuru.ru mehmonxona qidiruv servisi rossiyalik turistlar uchun yangi yil ta’tilida MDHdagi eng ommabop kurortlar ro‘yxatini tuzdi.
Reyting 2016-yil 30-dekabrdan 2017-yil 8-yanvarga qadar muddat uchun mehmonxonalarni qidirish va bron qilish bo‘yicha ma’lumotlarga asoslanib tuzildi.
Mazkur 10talik reytingdan Chimon tog‘ kurorti ham o‘rin oldi. U ommaboplik borasida 8-o‘rinda joylashgan bo‘lib, reytingdagi kurortlar orasida eng arzoni hisoblanadi. RoomGuru.runing ma’lum qilishicha, Chimonda dam olish turistlarga 48 dollarga tushadi (mehmonxona yoki apartamentda bir sutka turish, kafeda tushlik va kunlik chipta – ski pass).
Ro‘yxatning birinchi o‘rnini Shimbulak (Olma-Ota, 78 dollar) egallagan. Undan keyingi o‘rinlarda Gudauri (Tbilisi, Gruziya, 65 dollar), Logoysk (Minsk, Belorussiya, 52 dollar), Shaxdag (Boku, Ozarbayjon, 58 dollar), Saxkadzor (Yerevan, Armaniston, 60 dollar), Bakuriani (Tbilisi, Gruziya, 68 dollar), Bukovel (Lvov, Ukraina, 56 dollar) joylashgan. Ro‘yxatni Qorako‘l (Bishkek, Qirg‘iziston, 50 dollar) va Silichi (Minsk, Belorussiya, 52 dollar) kurortlari yakunlab beradi.