TOShKENT, 18 okt — Sputnik. O‘zbekiston kuch ishlatish organi xodimlari Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida "Sharq" deb nomlangan jinoiy guruh rahbari Mumtozbek Xolmatov hamda uning uch nafar hamtovog‘ini qo‘lga olish bo‘yicha maxsus operatsiyani amalga oshirdilar, deb xabar qilmoqda huquqni muhofaza qilish organlaridagi manba.
Uyushgan jinoiy guruh a’zolari mahalliy tadbirkorlardan ta’magirlik yo‘li bilan pul undirish, zo‘ravonlik xarakteridagi jinoyatlarni amalga oshirish hamda o‘zlariga "yoqmay! qolgan biznesmenlar bilan "razbor" qilish bilan shug‘ullanishgan.
"Jinoyatchilar 2015-yil davomida va 2016-yil boshlarida "shantaj" hamda jismoniy kuch ishlatish yo‘li bilan Marg‘ilon shahridagi biznesning bir qismini o‘z nazoratiga olganlar. Ular ishlab-chiqaruvchilardan muntazam ravishda pul undirish tizimini yo‘lga qo‘yganlar. Jinoyatchilar faqatgina pul undirish bilan chegaralanmagan, ular biznesmenlarning turli tovarlarini zo‘ravonlik bilan tortib olib, shuningdek, tudbirkorlarga qarashli do‘konlar va restoranlar xizmatlaridan tekinga foydalanganlar", — deb ta’kidladi manba.
Tergov jarayoni davomida uyushgan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan beshta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tergov davomida jinoyatchilar o‘tgan bir yil mobaynida Marg‘ilondagi tadbirkorlik subyektlaridan noqonuniy ravishda kattagina mablag‘ni (AQSh dollarida) hamda "Kaptiva" rusumidagi avtomobilni o‘zlashtirib olgani oshkor bo‘lgan.
Marg‘ilon shahar sudi qarori bilan uyushgan jinoiy guruh rahbari 13-yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Jinoiy guruhning qolgan a’zolari ham tegishli jazo choralarini olganlar.