Samarqandda pomidor kombaynda terib olinmoqda

© Sputnik / Vitaliy Timkiv / Mediabankka o‘tishKombayn
Kombayn - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Pomidorni yetishtirish, uni yig‘ishtirib olish to‘la mexanizatsiyalashtirilgan

TOShKENT, 17 okt – Sputnik. Jomboy tumanidagi G‘ubdintog‘ qir-adirlari bag‘rida tashkil etilgan "Maroqand meva-sabzavot" fermer xo‘jaligi o‘z faoliyatida yangicha yondoshuvlarni qo‘llab ko‘chatchilik, bog‘dorchilik va sabzavotchilikda salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritayapti, deb xabar beradi Samarqand viloyat hokimligi rasmiy veb-sayti.

Shu yilning bahor oylarida fermer xo‘jaligi dalasiga Italiyadan keltirilgan maxsus texnika vositasi yordamida 350 gektar maydonga tomatbop va bozorbop pomidor urug‘i qadalgan edi. Bu tashabbus bevosita Ukraina davlatida faoliyat ko‘rsatayotgan "Gelios-1" mas’uliyati cheklangan jamiyatidan kelgan mutaxassislar bilan o‘zaro hamkorlik doirasida amalga oshirildi.

Pomidorni yetishtirish, uni yig‘ishtirib olish to‘la mexanizatsiyalashtirilgan. Jumladan, mavsum davomida gektaridan 90-95 tonna tomatbop pomidor mahsulotlarini yig‘ishtirib olishda maxsus kombaynlardan foydalanildi. Bu esa ishchi kuchini tejab, mahsulot tannarxini pasaytirdi.

Xabarda bildirilishicha, pomidorni yig‘ishtirib olayotgan "aqlli" kombayn bilan har kuni 5-6 gektar maydondagi hosil saranjomlanadi. Kombaynning yana bir afzalligi, unga o‘rnatilgan kompyuter yordamida pomidor maxsus transportorlar orqali tegishli texnika vositasiga, iste’molga yaroqsiz qismi boshqa transportor tasmalari orqali yo‘naltiriladi.

Amalga oshirilayotgan bunday sa’y-harakatlar xalq dasturxonini sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish, iste’moldan ortgan meva-sabzavotlarni xorijga eksport qilish, iqtisodiyotga qo‘shimcha valyuta kiritish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratib, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Yangiliklar lentasi
0