TOShKENT, 17 okt — Sputnik. Namangan viloyatida birinchilardan bo‘lib savdo va servis, xizmati ko‘rsatish obyektlarini qurish uchun mo‘ljallangan yerlar auksion savdosiga qo‘yildi, deb xabar beradi Nuz.uz.
Auksion savdolari katta qiziqish uyg‘otdi: Yangiqo‘rg‘on, Norin, Kosonsoy va Uychi tumanlari hududlaridan taklif etilgan 56 uchastkaga 200dan ortiq kishi xaridor bo‘ldi.
Auksion ishtirokchisi, uychilik tadbirkor Dilorom Keldiyeva o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Auksiondagi boshlang‘ich narxlar qoniqarli bo‘ldi. Yer uchastkalari ajratishning yangi usuli menga juda yoqdi", — dedi u.
Tadbirkor ayol Jiydakapa qishlog‘ida har birining maydoni 500 kvadrat metr bo‘lgan ikkita yer uchastkasiga ega bo‘ldi. Ulardan birida tez orada qurilish materiallari ishlab chiqariluvchi sex, ikkinchisida apteka qurish ishlari boshlanadi.
"Ko‘chmas mulk savdo xizmati" MChJning Namangan filiali Pop va Mingbuloq tumanlari hokimliklari bilan navbatdagi savdolarni o‘tkazishga tayyorlanmoqda.