TOShKENT, 17 okt — Sputnik. O‘zbekistonda gen-nokaut usuli yordamida olingan paxtani yetishtirish hozirgi kundagi yiliga 1 million tonna paxta tolasi tayyorlash hajmi doirasida qo‘shimcha 250 million dollar daromad keltirishi mumkin, deb ma’lum qildi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi vakili Sputnik muxbiriga.
Gen-nokaut texnologiyasi organizmning ma’lum genlari faoliyatini to‘xtatish va "o‘chirilgan" (nokaut qilingan) genli o‘simlik olish imkoniyatini beradigan molekulyar genetika usulidir. Bu esa hosildorlik, tez o‘sish, zararli hasharotlarga chidamlilikka javob beruvchi genlarning faolligini kuchaytirish yoki pasaytirish imkonini beradi.
"Mazkur texnologiya asosida yaratilgan "Porloq" turkumidagi paxta navi tola sifati, O‘zbekistonning keskin iqlim sharoitlariga moslashuvchanlik, 5-10 kun erta yetilish va hosilning 10-18%ga yuqori bo‘lishi nuqtayi nazaridan gen-muhandislik navlarining boshqa barcha paxta navlariga nisbatan ustunlikka ega ekanligini isbotladi. Bundan tashqari, yangi navlar serurug‘ bo‘lib, bu oziq-ovqat va yem mahsulotlari ishlab chiqarishning oshishiga imkon beradi. 38-41 kodli o‘rta tolali paxtadan olingan tola 35-36 kodli oddiy navli paxta tolasiga nisbatan daromadning oshishiga olib keladi", — Genomika va bioinformatika markazi vakili.
Markaz olimlari ushbu navlar shuningdek ekologik jihatdan xavfsiz va jahon paxta sanoatiga milliardlab dollar keltiradi hamda fermerlarga sun’iy tola ishlab chiqarilishiga nisbatan raqobatbardoshlikni ta’minlaydi deb hisoblamoqdalar. Uning yana bir ustun jihati o‘g‘it va mineral moddalardan samarali foydalanishidir. Genetik modifikatsiyalangan paxtaning yuqori hosildorligi evaziga paxta maydonlarining qisqartirilishi ko‘proq meva-sabzavot yetishtirish imkonini beradi.
Hozirda gen-nokautni patentlashtirish uchun O‘zbekiston, AQSh va xalqaro miqyosda ariza berilgan. Mazkur texnologiya paxta yetishtirish bilan shug‘ullanadigan boshqa mamlakatlarda litsenziyalashga shay. O‘zbek fermerlari ushbu usul orqali olingan istiqbolli seleksion navlarni ekishni muntazam ravishda kengaytirib bormoqdalar. Mamlakatning turli tuproq-iqlim sharoitlaridagi 13 hududida gen-nokautlangan paxta uch yil davomida ekilib sinovdan o‘tkazildi. Yangi texnologiyaning ushbu tamoyili bug‘doy, kartoshka va boshqa sabzavotlarni ekishda ham qo‘llanilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbek olimlari 15-yildan buyon paxtaning "Porloq" deya umumiy nomlangan gen-injenerlik navlarini yaratish ustida ish olib bormoqdalar. Bugungi kunga kelib, mazkur paxtaning to‘rtta navi yaratildi.