TOShKENT, 17 okt – Sputnik. Yevroittifoqqa a’zo davlatlarning tashqi ishlar vazirlari dushanba kuni Halabdagi vaziyatni o‘zgartirish uchun Suriya va Rossiyaga bosim o‘tkazishning barcha ko‘rinishlarini muhokama qiladilar, dedi Fransiya TIV rahbari Jan-Mark Eyro, RIA Novosti xabariga asosan.
"Biz bugun Bashar Asad rejimi va uning ittifoqchilariga nisbatan bosimni kuchaytirishning barcha ko‘rinishlarini muhokama qilamiz. Biz Rossiyani qamrab oluvchi BMT xavfsizlik kengashi yig‘ilishini tashkil qildik. Lekin davom etishimiz lozim, bosim kuchli bo‘lishi darkor. YeI o‘zining birdamligi va qat’iyligini qanchalik ko‘rsata olsa, axloqiy talablar masalasida, ya’ni halab xalqining qirg‘inbaroti masalasida shunchalik oldinga siljiymiz", — dedi vazir jurnalistlarga YeI davlatlari TIV rahbarlari yig‘ilishidan oldin.
Ilgariroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina yoki Suriya sababli Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llash orqali muammolarni yechib bo‘lmasligini, bu shunchaki Rossiyani va uning rivojlanishini siyosiy jihatdan ushlab turishgina bo‘lishini bildirgandi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml Suriya masalasi bo‘yicha Rossiyaga nisbatan sanksiya kiritishga asos ko‘rmayotganini, Rossiya ushbu davlat hududida terrorizmga qarshi qonunan kurash olib borayotgan yagona mamlakat ekanligini aytdi. O‘z navbatida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Suriyadagi vaziyat sababli Rossiyaga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilishi mumkinligi haqidagi xabarlarga izoh berar ekan, sog‘lom fikr ustunlik qilishiga, hamma narsada Moskvani ayblash istagi bo‘lmasligiga umid bildirdi.