TOShKENT, 14 okt — Sputnik. Dushanbeda 17-oktabr kuni o‘zbekistonlik va AQShlik san’atkorlarning birgalikdagi konsert dasturi bo‘lib o‘tadi, deb xabar beradi Sputnik Tojikiston.
"Birgalikda raqs: AQSh va Markaziy Osiyoning hamkorligi” loyihasi Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligining 25-yilligini konsert va mahorat darslari bilan nishonlaydi", — deb xabar beradi "Baktriya" madaniyat markazi.
Tojikiston poytaxtiga o‘zbek musiqachi va bastakorlari jamoasidan iborat zamonaviy musiqaga ixtisoslashgan"Omnibus" ansambli va AQShdan uch nafar san’atkor tashrif buyuradi.
Ular 10 kun davomida musiqa ixlosmandlari uchun mahorat darslari o‘tkazishadi.
"Konsertlarda davlatlarning o‘ziga xos jihatlari hamda an’ana va madaniyatlarining o‘xshash tomonlarini, musiqa va madaniyat xalqlarni birlashtirishini namoyish etish, barqaror va farovon hudud barpo etishlarida ularga yordam berishni maqsad qilgan", — deyiladi xabarda.
Bunga qadar san’atkorlar Qozog‘iston, Turkmaniston va Qirg‘iziston poytaxtlarida konsert berishdi. Tojikistondan so‘ng ular O‘zbekistonga yo‘l olishadi. Markaziy Osiyo va AQSh musiqachilari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashuv loyihasi ikki yildan buyon amalga oshirilmoqda.
Loyiha ishtirokchilarni zamonaviy musiqa nazariyasi va amaliyoti bilan tanishtiradi hamda o‘zaro hamkorlikni rag‘batlantiradi.