TOShKENT, 13 okt – Sputnik. 2016-yil kuz oyidan Rossiya aviakompaniyalarining O‘zbekiston va Tojikistondan Moskvaga parvoz qiluvchi reyslarida Rossiya poytaxtida rasman ishga joylashish qoidalari chop etilgan broshuralar tarqatila boshlandi. Bu haqda ko‘p tarmoqli migratsiya markazi ma’lum qildi.
Moskvaga ish izlab yo‘l olgan yo‘lovchilarga Migratsiya markazida mehnat faoliyati uchun patent olish qoidalari haqida ma’lumot berilgan o‘zbek va tojik tilidagi suratli broshuralar tarqatilmoqda.
Har oyda O‘zbekiston va Tojikistonning 10 shahridan parvoz qiladigan reyslarda 35 mingdan ortiq broshura tarqatiladi. Bu aviakompaniyalarning yillik yo‘lovchi oqimi yarim million kishidan ortiq.
Migratsiya markazi bosh direktori Nikolay Fedoseyevning aytishicha, migrantlarga Moskvaga kelgunlariga qadar ma’lumot berilishi ularni mehnat patenti olish jarayoniga tayyorlaydi. "Ilk manbadan ma’lumot olish migrantlarga Moskvada noqonuniy ravishda patent rasmiylashtirib berishni taklif qiluvchi vositachilardan ehtiyot bo‘lishlariga yordam beradi", – dedi Nikolay Fedoseyev.