TOShKENT, 13 okt – Sputnik. 2006 yildan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi lavozimida faoliyat yuritayotgan Yangibayev Baxadir Yangibayevich vazifasidan ozod etildi. Bu haqda kruz.uz xabar bermoqda.
Uning o‘rniga Sariyev Qaxramon Ramatullayevich Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi etib tayinlandi.
Qaxramon Sariyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Shuningdek, saytning xabar qilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga yangi rais o‘rinbosarlari tayinlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga Zaytov Ziyavatdin Imamatdinovich tayinlandi. U Qo‘ng‘irot tumani hokimi vazifasini bajarayotgan edi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining ijtimoiy va iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mamutov Mars Djumabaevich o‘rniga Sodiqov Maxmud Saydaxmedovich tayinlandi. Maxmud Sodiqov oldin Qoraqalpog‘iston Respublikasi moliya vaziri lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Sobir Xojametov Jabbarbergenovich tayinlandi. U avval Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlagan.
Shuni ham aytish joizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat hukumat portalida Vazirlar Kengashi Raisi sahifasida Rais sifatida Yangibayev Baxadir Yangibayevich ko‘rsatilgan.