TOShKENT, 12 okt – Sputnik. Ohangaronda qarovsiz qoldirilgan «Neksiya» avtomobilini o‘g‘irlab ketgan farg‘onalik 47 yoshli fuqaro Angrenda qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Toshkent viloyati Ohangaron tumani IIB navbatchilik qismiga Toshkent shahrida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, o‘zining “Neksiya” rusumli avtomobili noma’lum shaxs tomonidan olib qochib ketilgani haqida ma’lum qilgan.
Voqea joyiga yetib kelgan ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan aniqlanishicha, ariza muallifi avtomashinasini Telov qishloq fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Angren armatura izolyatorlash zavodi” MChJ oldida qarovsiz qoldirganligi oqibatida olib qochib ketilganligi ma’lum bo‘lgan.
Tezkorlik bilan olib borilgan chora-tadbirlar natijasida olib qochilgan avtomashina Angren shahrida to‘xtatildi. Jinoyatni sodir etishda gumonlanuvchi shaxs Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida yashovchi 47 yoshli fuqaro bo‘lib chiqdi. Mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.