O‘zbekiston terma jamoasi Xitoyni mag‘lub etdi

© The-AFC.comO‘zbekiston-Xitoy o‘yini
O‘zbekiston-Xitoy o‘yini - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston futbolchilari o‘z maydonlarida Xitoy darvozasiga javobsiz ikki to‘p kiritdilar

TOShKENT, 11 okt — Sputnik. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 2018-yilgi jahon chempionati saralash uchrashuvlarining yakuniy bosqichida Xitoy terma jamoasi ustidan 2:0 hisobida g‘alabaga erishdi.

Uchrashuv oldidan ushbu guruhdagi vaziyat qaltis edi. Asosiy raqobatchilaridan biri bo‘lgan Eronga yutqazib qo‘ygan O‘zbekistonning ahvoli og‘ir edi. Jamoa guruhda uchinchi o‘ringa tushib ketgan, Eron bilan bo‘ladigan javob o‘yinida ham ijobiy natijadan umid qilish qiyin edi. Shuning uchun ham mezbonlar bugun faqat g‘alaba qozonishlari shart edi.

O‘yinning dastlabki daqiqalarida o‘zbekistonliklarning o‘yini unchalik qovushmadi. Xitoyliklar o‘zbek futbolchilariga deyarli o‘yin berishmadi. Hattoki dastlabki 15 daqiqalikda ular gol ham urishlari mumkin edi.

Birinchi taymning o‘rtalaridan keyin mezbonlar o‘zlariga kelishdi, to‘pni o‘z nazoratlarida ushlab, xitoyliklar darvozasi tomon yo‘l izlay boshlashdi. Biroq taym oxiriga qadar mezbonlar raqib darvozasi tomon atigi ikki bor zarba yo‘llashdi, ular hattoki darvoza yaqiniga ham yo‘lamadi.

Ikkinchi taymda esa maydonga butunlay boshqa terma jamoa tushib kelgandek bo‘ldi. Dastlabki daqiqalardanoq mezbonlar xitoyliklarni jarima maydonchasiga qamab qo‘yishdi. O‘yinning 51-daqiqasida Eldor Shomurodovning a’lo darajadagi to‘p uzatishidan so‘ng Marat Bikmayev to‘pni mehmonlar darvozasiga joylab qo‘ydi — 1:0. Bir daqiqadan keyinoq Igor Sergeyev hisobni oshirishi mumkin edi, lekin uning kuchli zarb bilan tepgan to‘pi darvoza to‘siniga tegdi. 57-daqiqada "Lokomotiv" o‘yinchi Vitaliy Denisov ajoyib zarba yo‘lladi. To‘p bu safar ham darvoza to‘siniga borib tegdi.

Shundan so‘ng mezbonlar ozgina tin olishdi. Qolgan vaqt davomida xitoyliklar Lobanov darvozasi oldida xavfli vaziyatlar uyushtirishga urinishdi, lekin ularning o‘yini chiqmadi.

64-daqiqada Bikmayev o‘rniga maydonga tushgan Otabek Shukurov 86-daqiqada xitoyliklar darvozasiga to‘p kiritib, hisobni mustahkamladi.

O‘yin 2:0 hisobida O‘zbekiston terma jamoasining g‘alabasi bilan tugadi va terma jamoa 9 ochko bilan hozircha guruhda 1-o‘rinda. Eron va Janubiy Koreya o‘yinidan so‘ng guruhdagi vaziyatga yanada aniqlik kiritiladi.

Yangiliklar lentasi
0