TOShKENT, 11 okt — Sputnik. Estoniya va Finlyandiya ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekiston Respublikasiga ishchi tashrifi doirasida "Angren" MIZga tashrif buyurdi, deb xabar beradi maxsus industrial zona matbuot xizmati.
Tashrif davomida "Angren" MIZ direksiyasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda maxsus industrial zona imkoniyatlari, muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasini jadal rivojlantirish uchun davlat tomonidan yaratilgan sharoitlar namoyish etildi.
Ishbilarmon doiralar vakillari tomonidan O‘zbekistonda infratuzilma va sanoatni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berildi hamda O‘zbekiston va Estoniya korxonalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, mehmonlar Xalqaro logistika markazi va "Angren quvur zavodi" unitar korxonasining faoliyati bilan tanishdilar.
"Angren" MIZ 2012-yilning aprel oyida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti qaroriga binoan tashkil qilingan. Bu yerda tashkil qilingan korxonalarga kiritilgan sarmoyaga qarab 3-yildan 7-yilga qadar soliq imtiyozlari beriladi. 300 mingdan 3 mln dollarga qadar sarmoya kiritganlarga 3-yilgacha, 3-10 mln sarmoya kiritganlarga – 5-yil, 10 mln dollardan ortiq sarmoya kiritganlarga esa – 7-yil davomida soliq imtiyozlari beriladi.
Bugungi kunda maxsus industrial zonada 11 korxona ishlab turibdi. Joriy yilning sakkiz oyi davomida korxonalar 618,4 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqardi va 6,7 mln dollarlik mahsulot eksport qildi.