TOShKENT, 11 okt — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasi fuqarolarning shikoyat va arizalarini qabul qilishda davom etmoqda.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi orqali kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlovchi maxsus bo‘lim tashkil qilingan.
"Vitual qabulxonaga orqali kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlovchi maxsus bo‘lim tashkil qilingani rost. Kelib tushayotgan murojaatlarning tez va sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida ular faqat vazirlikning markaziy apparati tomonidan ko‘rib chiqilishi yo‘lga qo‘yilgan", — deb ta’kidladi IIV matbuot-xizmati vakili Sputnik muxbiriga.
Xabarlarga muvofiq, IIVning barcha markaziy sohaviy xizmatlariga virtual qabulxona orqali kelib tushgan har qanday murojaat bo‘yicha shaxsan birinchi rahbarning mas’ulligi belgilangan. Sohaviy rahbarga ariza bo‘yicha to‘liq va sifatli ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etish, hisobini yuritish va tahlil qilish vazifalari yuklatilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi-Respublika Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasi 24-sentabr kuni tashkil etilgan bo‘lib, (0 800) 210-0000 yoki 1000 qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish (qo‘ng‘iroq respublika bo‘yicha bepul, faqatgina statsionar telefonga qo‘ng‘iroq qilish narxi bo‘yicha haq olinadi), xat yuborish (pm.gov.uz veb-saytida keltirilgan shaklni to‘ldirish orqali) yoki “O‘zLiDeP” hududiy partiya tashkiloti Kengashiga tashrif buyurish orqali murojaat qilish mumkin.