TOShKENT, 9 okt — Sputnik. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi ijroiya qo‘mitasi a’zosi, Xalqaro Yengil atletika federatsiyasya vitse-prezidenti, Ukraina Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbari va afsonaviy sportchi Sergey Bubka O‘zbekistonga keldi, deb xabar qilmoqda, MOQ matbuot xizmati.
Sergey Bubka hamda Osiyo Yengil atletika assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Aleksey Kondratni Madaniyat va Sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari Murad Aliyev va Milliy Olimpiya qo‘mitasining Bosh kotibi Oybek Kasimovlar kutib olishdi.
Mehmonlar MOQning yangi binosi, Respublika Sport meditsinasining ilmiy-amaliy markazi va Olimpiya shon- shuhrati muzeyiga tashrif buyurishdi.
Undan keyin esa sport sohasida tajriba almashish, sportni rivojlantirish va O‘zbekiston hamda Ukraina sport federatsiyalari orasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sportchilarni tayyorlash va trenerlar malakasini oshirish haqida shartnomalar imzolashdi.
Sergey Bubka va Aleksey Kondrat O‘zbekistonda yengil atletika bo‘yicha nufuzli xalqaro musobaqalar o‘tkazish imkoniyatlarini o‘rganib chiqishdi.
Afsonaviy sportchi O‘zbekiston hukumatining sportni rivojlantirish sohasida olib borayotgan siyosatini yuqori baholab, O‘zbekiston jamoasining Riodagi Olimpiya O‘yinlarida qozongan muvaffaqiyati bilan tabrikladi.
Eslatib o‘tamiz, asli ukrainalik bo‘lgan Sergey Bubka – Sovet Ittifoqining langarcho‘p bilan sakrovchi mashhur yengil atletikachisi. Sergey Bubka 6 metrni zabt etgan birinchi inson, SSSRda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi (1983), 1988-yilgi Olimpiya O‘yinlari chempioni, olti karra Jahon chempioni (1983, 1987, 1991, 1993, 1995, 1997), Yevropa chempioni (1986) va SSSR chempioni (1984, 1985). Uning hisobida 35 jahon rekordi qayd etilgan.