TOShKENT, 4 okt – Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bugun Qozog‘iston poytaxti Ostonaga yetib keldi. Ostonada Rossiya va Qozog‘iston prezidentlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Rossiya prezidenti Rossiya va Qozog‘iston savdo munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni kamaytirish kerakligini aytib o‘tdi.
Xususan, “Biz bunday to‘siqlarga qarshi chora ko‘rishimiz kerak, ushbu salbiy omillarni imkon qadar kamaytirishimiz kerak”, — dedi Vladimir Putin uchrashuv davomida.
Uchrashuvdan keyin prezidentlar Rossiya va Qozog‘istonning yirik tadbirkorlari ishtirokidagi biznes forumda qatnashishadi. Keyin esa mamlakat rahbarlari “Yevroosiyo hududining transport-logistika salohiyatini kuchaytirish” mavzusidagi XIII Rossiya va Qozog‘iston hududlararo hamkorlik forumida qatnashishi rejalashtirilgan.
Putin ushbu forumda qatnashayotgan 900 kishidan 400 tasi Rossiya vakillari ekanligini aytib o‘tdi. Rossiya davlat rahbarining fikriga ko‘ra, shunday biznes-forumlar o‘tkazish ikki mamalkat orasidagi savdo munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan to‘siqlarni kamaytirishi mumkin.
Shuningdek, mamlakatlar orasida aloqalar rivojlanmagan sohalarda hamkorlikni kuchaytirish, jumladan turizm sohasida hamkorlik qilish masalalarini muhokama qilish ham nazarda tutilgan. Qatnashchilar orasida – asosiy vazirliklar rahbariyati, Rossiya Federatsiyasi subyektlari rahbarlari va Qozog‘iston viloyatlari rahbarlari bor.
Kun yakunida Vladimir Putin Rossiyaga qaytishi rejalashtirilgan.