TOShKENT, 3 okt — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 44 ta saylov uchastkasini tuzish hamda ularni 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deb xabar beradi MSK matbuot xizmati.
"Markaziy saylov komissiyasi… mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 44 ta saylov uchastkasini tuzish hamda ularni 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirish to‘g‘risida qaror qabul qildi", — deyiladi xabarda.
3 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda shuningdek, siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi huzurida ishchi guruhlari tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi ham bildiriladi matbuot xizmati xabarida.
Ilgariroq respublikada rasman ro‘yxatdan o‘tgan barcha to‘rt siyosiy partiya o‘z plenumlarini o‘tkazib, prezidentlik saylovida ishtirok etishga qaror qilgan edi.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevni, "Milliy tiklanish" milliy demokratik partiyasi Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Sarvar Otamurodovni, Xalq demokratik partiyasi o‘z yetakchisi Hotamjon Ketmonovni va "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi Narimon Umarovni prezidentlikka nomzod sifatida tavsiya qilgan edi. Nomzodlarning barchasi oktabr oyi o‘rtalarida bo‘lajak partiya syezdlarida tasdiqlanishi kerak.
Partiyalar 20-oktabrgacha davom etadigan imzo yig‘ish jarayonini boshlab yuborgan. Qonunchilikka binoan partiyalar barcha saylovchilarning bir foizi (214,35 ming imzo) miqdorida imzo to‘plashi talab etiladi.