TOShKENT, 2 okt — Sputnik. Kelasi yilning mart oyidan boshlab Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqish jarayonini boshlaydi, dedi Britaniya bosh vaziri Tereza Mey.
"Biz Lissabon shartnomasining 50 moddasini mart oxirigacha kuchga kiritamiz", — dedi bosh vazir BBC axborot agentligiga yakshanba kuni.
Yevropa Ittifoqi haqidagi shartnomaning (Lissabon shartnomasi) 50 moddasida, Ittifoqning har qanday a’zosi undan chiqishi mumkin, deyilgan. Ushbu jarayon ishga tushishi uchun mamlakat Brusselga o‘zining niyatini bildirishi kerak. Undan keyin esa muzokaralar boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, bir necha oy oldin bo‘lib o‘tgan umuxalq referendumida Britaniyaliklarning yarmidan ko‘pi YeI a’zoligidan chiqish tarafdori bo‘lishgan edi. Yevropa Ittifoqida qolish tarafdori bo‘lgan mamlakat bosh vaziri Devid Kemeron, referendum natijalariga ko‘ra, iste’foga chiqishni ma’qul ko‘rdi.