TOShKENT, 2 okt — Sputnik. Bugun 2016-yilning 2-oktabr kuni Hijriy taqvimning 1438-yili kirib keladi. Yangi yilning birinchi oyi – Muharram oyidir.
Islom dunyosida yil boshi – Muhammad payg‘ambarning Makkadan Madinaga ko‘chib o‘tgan yili hisoblanadi. Gregorian taqvimiga ko‘ra u 7 asrning 622-yiliga to‘g‘ri keladi. Ushbu yil Hijra yili deb atalgani uchun islom taqvimining nomi ham Hijriy taqvim deyiladi.
Rossiya Musulmonlar Diniy Boshqarmasi aytishiga ko‘ra, Muharram oyi bu – tavba qilish va namoz o‘qish vaqtidir. Har bir musulmon ushbu oyni ro‘zada, namozda va ezgu ishlar bajarib o‘tkazgani ma’quldir.
Islom o‘gitlariga ko‘ra, Muharram oyi ro‘za tutish uchun Razmazondan keyingi eng yaxshi oy hisoblanar ekan. Ushbu oy kirishi bilan musulmonlarga jang qilish, qon to‘kish, biror kishiga ozor berish mumkin emas. Inson yilning birinchi oyini qanday o‘tkazsa, qolgan 11 oy ham shunday o‘tar ekan.
Musulmonlar, odatda yangi yilni alohida taraddud bilan kutib olishmaydi, lekin yangi oyning o‘ninchi kuniga to‘g‘ri keladigan Ashura bayramini ko‘tarinki ruh bilan qarshi olishadi. Ashura bayrami – bu barcha payg‘ambarlarni esga olish hamda Olloh Taolloh eng ko‘p ajoyibotlar, jumladan Yeru zamin hamda Osmonu falakni yaratgan kun hisoblanadi.
Hijriy taqvim Gregorian taqvimiga qaraganda 11-12 kun kaltaroq, shuning uchun musulmon yangi yili har yil har xil kunlarga to‘g‘ri keladi. Masalan 2008-2010 yillarda yangi yil dekabr oyiga to‘g‘ri kelgan edi.