TOShKENT, 29 sen – Sputnik. O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetida Yevropa tillari kuni nishonlanadi. Ushbu tadbirda O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi, Gote Instituti, Fransiya elchixonasi, Toshkent Fransuz alyansi, Germaniya, Buyuk Britaniya, Ukraina, Gruziya, Chexiya, Polsha, Ruminiya, Slovakiya, Shveysariya, AQSh elchixonalari va Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi YeI mamlakatlari madaniyat institutlari birlashmasi (EUNIC) vakillari ishtirok etadi.
Yevropa kengashi 2001-yildan boshlab har yili 26-sentabrni Yevropa tillari kuni sifatida nishonlab kelmoqda. Shu kuni dunyo bo‘ylab millionlab insonlar xorijiy tillarni o‘rganishga bag‘ishlangan hamda tillar xilma-xilligini targ‘ib etuvchi tadbirlarda ishtirok etishadi.
Bu yil Yevropa tillari kuni Toshkent shahrida 30-sentabrda – O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida nishonlanadi. Tadbirni o‘tkazishdan maqsad dunyodagi til va madaniyatlar xilma-xilligiga e’tibor qaratishdir.
Tadbirni diplomatik missiyalarning vakillari o‘z ona tillarida ochib berishadi. So‘ngra "O‘zbekistonda Yevropa tillari kuniga bag‘ishlangan videoklip" tanlovi uchun o‘qituvchi va talabalar tomonidan tayyorlangan videokliplar namoyish etiladi.