TOShKENT, 29 sen – Sputnik. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) Bosh kotibi Rashid Alimov Rossiyaning TASS axborot agentligiga bergan intervyusida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak saylovlar borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar beradi "Jahon" axborot agentligi.
Alimovning bildirishicha, 18-sentabr kuni ShHT Bosh kotibi nomiga O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasidan 2016-yilning 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovlarni kuzatishda ishtirok etishi taklif etilgan taklifnoma kelgan. Prezidentlik va/yoki parlament saylovlari hamda referendumlardagi ShHT kuzatuvchilar missiyasi haqidagi nizomning 1-bandiga ko‘ra, missiya milliy koordinatorlar kengashi bilan kelishgan holda kotibiyatni shakllantiradi va koordinatsiya qiladi.
Joriy yilning 20-23 sentabr kunlari Pekinda bo‘lib o‘tgan so‘nggi yig‘ilishida ShHT a’zo-davlatlari milliy koordinatorlari O‘zbekistonga missiya yuborishga qaror qilishdi. Kotibiyat ShHT kuzatuvchilari missiyasini shakllantirish amaliyotini boshladi.
"O‘zbekiston Respublikasidagi Prezidentlik saylovlari birinchi navbatda qadrdon o‘zbek xalqi, shuningdek, butun mintaqa va ShHT hududi uchun muhim ahamiyatga ega, — deya qayd etdi ShHT Bosh kotibi. – O‘zbekiston Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga tamal toshi qo‘yilishida ishtirok etgan, tashkilotning oyoqqa turishi va rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan va qo‘shmoqda".
"Biz O‘zbekistonning ShHT faoliyatida bundan buyon ham faol ishtirok etishiga va ko‘p tomonlama hamkorlikning rivojlanishiga yanada katta hissa qo‘shishiga umid qilamiz", — dedi Alimov.