TOShKENT, 29 sen – Sputnik. O‘zbekiston kikboksing jamoasi Anapada bo‘lib o‘tgan Jahon kubogida oltin, kumush va ikki bronza medali sohibi bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Jahon” axborot agentligi.
Toshkent xalqaro aeroporida sportchilarni O‘zbekiston professional va havaskor kikboksing assotsiatsiyasi vakillari, sportchilarning yaqin qarindoshlari, muxlislari va jurnalistlar kutib olishdi.
Dunyoning 20 mamlakatidan olti mingdan ortiq kishi qatnashgan Jahon kubogida Nodir Xudoyberdiyev 69 kg vazn toifasida oltin medal sazovori bo‘ldi.
“Jahon kubogida oltin medal olib ustozlar ishonchini oqlaganimdan xursandman. Nufuzli musobaqalarda biz erishgan g‘alabalarimiz, Respublikada yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish tufayli erishilgan”, —, — dedi sportchi.
Yana bir sportchimiz Normuxammad Raxmonberdiyev kumush medal sohibi, Meroj Istamtoshev va Shoxjahon Maxamadovlar esa bronza medali sohiblari bo‘lishdi.