TOShKENT, 28 sen — Sputnik. Mashhur "Toshkent haydovchilari" (“Voditeli Tashkenta”) internet-hamjamiyati yo‘lda muammoga duch kelgan haydovchilar uchun call-markazni ishga tushirdi.
Facebookdagi taniqli guruh yo‘lda muammoga uchragan haydovchilar uchun maxsus “qaynoq liniya” raqamini tashkil etdi.
"Agarda avtomobilning akkumulyatori o‘tirib qolsa, g‘ildiragi teshilsa yoki yo‘lda kutilmaganda yurmay qolsa, haydovchi +99897 333-7-505 qaynoq liniya raqamiga qo‘ng‘iroq qilishi mumkin. Operatorga muammo va turgan manzilini hamda ism-sharifi va telefon raqamini aytish lozim. Yordam tez orada yetib boradi. Qo‘ng‘iroq qabul qilinganidan so‘ng telegram orqali guruhlarga SOS so‘rovi yuboriladi. Yaqin-atrofda bo‘lgan va yordamga shay haydovchilarga bog‘lanish uchun muammoga uchragan haydovchining telefon raqami beriladi", — dedi guruh ma’murlaridan biri "Novosti Uzbekistana"ga.
Ushbu raqamga qo‘ng‘iroqlar har kuni soat 8:00dan 23:00gacha qabul qilinadi. Haydovchiga ko‘rsatiladigan yordam uchun haq olinmaydi.