TOShKENT, 28 sen — Sputnik, Anastasiya Aleksandrova. Afsonaviy o‘zbek bokschisi Rufat Risqiyevga yordam juda zarur, dedi o‘zbekistonlik murabbiy Murod Ergashev Sputnik O‘zbekiston muxbiriga.
"Amputatsiyadan so‘ng uning sog‘ligi yaxshi deb baholanmoqda. Tabiiyki, unga yordam zarur. Keyingi yillarda mashhur chempionimizning moliyaviy ahvoli yomonlashgan. U kishidan xabar olib turibman. Uning ahvoli haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqalgach (shuningdek mening postim ham) uni taniydigan va tanimaydiganlar ham kasalxonaga ko‘rgani borishmoqda", — dedi Murod Ergashev.
Eslatib o‘tamiz, boks bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan Rufat Risqiyevning oyog‘i venalar trombozi sababli kesib tashlandi. "Toshkent yo‘lbarsi" Toshkentdagi 16-shahar kasalxonasining jarrohlik bo‘limi 5-palatasida yotibdi.
Murod Ergashevning aytishicha, u Rufat Risqiyev bilan 90-yillar boshlarida tanishgan.
"O‘shanda men boks bo‘yicha Buxoro viloyati jamoasi katta murabbiyi edim. Buxoroda o‘tkaziladigan musobaqaga Rufat akani taklif etdim. U kishiga do‘stlarim yordamida "Inturist" mehmonxonasidan joy topishimga qaramasdan, u mening uyimda tunashni ma’qul ko‘rdi. Biz deyarli ertalabgacha uxlamasdan boks haqida suhbatlashdik. Rufat aka latifa aytishga ham juda usta.
O‘shandan buyon butun umrini boksga bag‘ishlagan bu insonni judayam hurmat qilaman", — deydi u.
Sputnik O‘zbekiston Rufat Risqiyev sog‘ligi bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib boradi.