TOShKENT, 28 sen — Sputnik. SpaceX kosmik kompaniyasi rahbari Ilon Mask yerliklarni "sayyoralararo jonzot"larga aylantirishga va bir necha o‘n yil ichida Marsda shahar barpo etish uchun u yerga 1 million kishini yuborishga va’da berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sayohat ikki yil vaqtni oladi, chipta esa 100 ming dollar atrofida bo‘ladi.
"Biz Marsni mana shu hayotimizda haqiqatga aylantirmoqchimiz", — dedi Mask Meksikada o‘tayotgan xalqaro astronavtika konferensiyasida.
Maskning aytishicha, insonlar "sayyoralararo jonzot"larga aylanishlari lozim, chunki kelajakda Yer halokatga uchrashi mumkin.
Kompaniyaning rejasiga ko‘ra, yo‘lovchilarning Marsga parvozi kelayotgan o‘n yil ichida amalga oshadi.
Mask Marsga uchirishga mo‘ljallangan Dragon 2 kosmik kemasi ikki yildan keyin tayyor bo‘lishini bildirdi. Dragon 2020-yilda Marsga uchishi rejalashtirilgan.
Nega Mars?
SpaceXning fikricha, barcha sayyoralar ichida aynan Mars yerliklar uchun yashashga qulay joydir. Avvalo, u Yerga yaqin, lekin asosiysi, "ilgari Yerga juda o‘xshash bo‘lgan", unda suyuq okeanlar, yetarlicha quyosh nuri va o‘simlik yetishtirish uchun qulay atmosfera bo‘lgan.
Mask Qizil sayyoraga nafaqat shunchaki parvozlarni amalga oshirishni, balki u yerda odamlarning yashashini mo‘ljallamoqda.
Tadbirkorning aytishicha, bugunning o‘zida uning kompaniyasi bir vaqtning o‘zida 100ga yaqin yo‘lovchi va 450 tonna yukni Marsga olib boruvchi kosmik kemani yaratish ustida ish olib bormoqda. Kelajakda parvoz narxini kamaytirish uchun yo‘lovchilar soni 200taga yetkaziladi.
"Agarda chipta narxi 10 milliard dollar tursa u yerda shahar qura olmaysiz, lekin 200 ming dollar tursa, unda shuncha puli bor istagan kishi Marsga uchishi va u yerda yashab ishlashi mumkin", — dedi Mask.
U kelgusi 40-100 yil davomida Marsga 1 million kishi parvoz qilishini mo‘ljallamoqda.
Mask kelajakda parvozlar narxi 100 ming dollarga arzonlashishini bildirdi.
Parvoz
O‘z maqsadini amalga oshirish uchun kompaniya orbitada yoqilg‘i quyish, kosmik kemalardan ko‘plab marta foydalanish va Marsda yoqilg‘i tayyorlash borasida qator yangi texnologiyalarni ishlab chiqmoqda.
Kosmik kemani orbitaga olib chiqish uchun kompaniya maxsus "Mars raketasi"ni ishlab chiqmoqda. Raketaning birinchi bosqichi kemani oraliq orbitaga olib chiqqach, Yerga qaytib tushadi. So‘ngra bosqich qo‘shimcha yoqilg‘i baki bilan jihozlanadi, orbitadagi kemani "quvib yetadi" hamda uni qo‘shimcha yoqilg‘i bilan ta’minlaydi. Shundan so‘ng kema Mars sari ikki yillik parvozga otlanadi.
Kompaniya ushbu loyihani tijorat parvozlari va NASA bilan shartnoma hisobiga moliyalashtirishni ko‘zlamoqda. Mask shuningdek, o‘zining barcha mablag‘ini Marsni o‘zlashtirish dasturiga sarflashini va odamlardan ham pul yig‘ishi mumkinligini bildirdi.
"Bu bo‘lishi mumkin, bu haqiqat!" — dedi u ehtimoliy investorlarga qarata.