TOShKENT, 28 sen — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Chexiya Respublikasining yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor elchisi Yaroslav Sironi qabul qildi, deb xabar beradi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.
Elchi ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.
Suhbat chog‘ida davlatlararo aloqalarni chuqurlashtirish istiqbollari va xalqaro masalalar bo‘yicha ikki davlatning yaqin va o‘xshash qarashlari va pozitsiyalari mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning ishonchli asosi hisoblanishi qayd etildi. Uchrashuvda shuningdek, turli darajalardagi aloqalarni faollashtirish masalalari hamda ikki va ko‘p tomonlama, jumladan O‘zbekiston-Yevroittifoq muloqoti shakllaridagi munosabatlarni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv ishtirokchilari bugungi kunda O‘zbekiston-Chexiya hamkorligi ikki tomon o‘rtasida o‘rnatilgan do‘stlik va konstruktiv munosabatlar an’analariga hamda 30dan ortiq hujjatlardan tashkil topgan shartnomaviy-huquqiy asosga tayangan holda izchil rivojlanayotganligi ta’kidladilar.