TOShKENT, 28 sen — Sputnik. AQSh hukumati Rossiyaga qarshi sanksiyalar kengaytirilishi ehtimoli borligi haqida og‘iz ochdi, rasmiy Kremlga qarshi kiritiladigan yangi iqtisodiy cheklovlarga Suriya masalasi sabab qilib ko‘rsatilmoqda, deb xabar qilgan RIA Novosti nashriga Amerika prezidenti matbuot-kotibi Josh Ernest.
AQSh prezidenti matbuot-kotibining so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalardan "AQSh manfaatlarini dunyo bo‘ylab himoyalashda samarali vosita" sifatida muvaffaqiyatli qo‘llanilib kelinmoqda.
Ernestga ko‘ra, Suriyadagi vaziyat borgan sari chigallashmoqda. Oq uy vakili Suriya armiyasi hujumga o‘tgan Aleppodagi vaziyat haqida alohida to‘xtalib o‘tgan. Amerika hukumati Aleppo yaqinida o‘qqa tutilgan BMT gumanitar karvoni mojarosida Rossiyani ayblashga urindi.
"Bu zarba Rossiya qurolli kuchlari tomonidan yoxud Rossiya qaramog‘ida bo‘lgan Suriya qurolli kuchlari tomonidan amalga oshirilgan", — deb ta’kidladi Ernest.
U, shuningdek, Moskva har qanday taqdirda ham yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan javob berishi lozimligini aytdi.
Moskva hukumatining munosabatiga keladigan bo‘lsak, rasmiy Kreml bundan oldin ham bir necha marotaba BMT gumanitar karvoniga zarba bermagani haqida bayonotlar qilgan. Rossiya prezidenti matbuot-kotibi Dmitriy Peskov AQShning bu boradagi e’tirozlariga "asossiz ayblovlar" deya izoh bergan edi.