O‘zbekistonda turkman vagonlari va samolyotlari ta’mirlanadi

Obuna bo‘lish
Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha o‘zbek-turkman komissiyasi yig‘ilishida tomonlar, shuningdek O‘zbekistondan Turkmanistonga elektrotexnika va kimyo mahsulotlari yetkazib berish hamda mamlakatlar hududi orqali yuklarni tranzit qilish masalalarini ham muhokama qildilar

TOShKENT, 27 sen — Sputnik. O‘zbekiston va Turkmaniston turkman temir yo‘llari yo‘nalish vagonlarini modernizatsiya qilish va ta’mirlash hamda turkman aviayo‘llariga qarashli aviaparklar uchun o‘zbek korxonalarining xizmatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Bular Toshkentda bo‘lib o‘tgan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma o‘zbek-turkman komissiyasining o‘n ikkinchi yig‘ilishida asosiy mavzulardan bo‘ldi.

Bugungi kunda tomonlar turkman vagonlarini Toshkent vagon qurish va ta’mirlash zavodida ta’mirlash hamda modernizatsiya qilish imkoniyatlarini o‘rganmoqdalar. Mamlakatlar bu yo‘nalishda dastlabki loyihani muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yishgan.

O‘tgan yili "O‘zbekiston temir yo‘llari" Turkmaniston temir yo‘l transporti vazirligi bilan o‘nta vagonni sinov ta’miridan chiqarish bo‘yicha shartnoma imzolagan va poytaxtdagi quyuv-mexanika zavodida shartnoma muvaffaqiyatli bajarilgandi. Hozirda tomonlar ko‘p miqdordagi turkman yuk vagonlarini ta’mirlash bo‘yicha muzokaralar olib borishmoqda. Sputnik manbasining xabariga qaraganda, gap kamida 300ta vagon haqida bormoqda.

O‘zbekiston Havo yo‘llarining Boing 767-300 samolyoti - Sputnik O‘zbekiston
Uzbekistan Airways va Boeing samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish markazi ochdi

Bundan tashqari, Turkmaniston o‘z aviaparki, ayniqsa zamonaviy samolyotlarini ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish sohasida ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqmoqda. Bunday hamkorlik uchun asos bor — joriy yil boshida Toshkentda Uzbekistan Airways va Amerikaning Boeing korporatsiyasi MDHda birinchi bo‘lib samolyotlarning kompozitsion tarkiblarini ta’mirlash va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha markaz tashkil etdi.

Markaz samolyotlarga barcha turdagi xizmatlarni ko‘rsatish uchun kerakli texnika va malakali mutaxassislarga ega bo‘lgan Uzbekistan Airways Technics korxonasi bazasida faoliyat olib boradi. Bu yerda yiliga xorijiy aviakompaniyalarning, asosan Rossiya va Qozog‘iston kompaniyalarining kamida 10ta samolyotiga texnik xizmat ko‘rsatiladi va ta’mirlanadi.

Muzokaralar davomida tomonlar, shuningdek o‘zaro savdo hajmini oshirish, transport va tranzit sohasida hamkorlikni kengaytirish, mulkiy va qarz munosabatlarini tartibga solish, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik qilish, hududdagi suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha kelishuv siyosatini olib borish, shartnomaviy-huquqiy bazani rivojlantirish masalalarini ham muhokama qildilar.

Xususan, Turkmanistonga mashinasozlik, elektrotexnika va kimyo mahsulotlari, avtomobil, avtobus, maxsus, kommunal, paxta terish va boshqa qishloq xo‘jalik texnikalari, qurilish materiallari, maishiy elektronika, qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishni oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘tgan yili mamlakatlar o‘rtasidagi tovar almashuv hajmi 319,7 million dollarni, joriy yilning yanvar-avgusti oralig‘ida esa 177,1 million dollarni tashkil etdi.

O‘zbekistonda turkmanlar bilan hamkorlikda savdo va xizmat ko‘rsatish, tekstil, pardoz materillari va mebelsozlik sohalarida faoliyat ko‘rsatuvchi 7ta korxona tashkil etilgan. Turkmanistonda esa o‘zbeklarning sanoat mahsulotlarini turkman bozoriga eksport qilishga ixtisoslashgan 6ta korxonasi tashkil etilgan.

Yangiliklar lentasi
0