TOShKENT, 25 – Sen – Sputnik. Ushbu yilning yanvar – iyul oylari davomida Janubiy Koreya 2,55 mln dona avtomobil ishlab chiqargan bo‘lsa, Hindiston ushbu davr ichida 2,57 mln dona avtomobil ishlab chiqardi, deb xabar qilmoqda The Korea Herald gazetasi.
Shunday qilib, umumjahon reytingida Janubiy Koreya bir necha yildan beri band qilib kelayotgan beshinchi o‘rinni Hindistonga bo‘shatib berishga majbur bo‘ldi. Albatta, yillik natijalarni yakunlashgacha hali vaqt bor, lekin mutaxassislar fikriga ko‘ra, Hindiston beshinchi o‘rinda qolish ehtimoli katta. Janubiy Koreyada hozir avtomobil sanoati uchun murakkab vaqtlar, chunki ushbu sohada ish joylari qisqartirilishi va soliqlar hajmi oshishi kuzatilmoqda, deyilgan nashr xabarida.
Avtomobillarni Koreya ichida sotish darajasi ham oxirgi yetti yil davomida eng past ko‘rsatkichga yetib kelgan. Avguts oyiga qadar Janubiy Koreyada 250 ming dona avtomobil sotildi.
Yoz oylari davomida Hyundai va Kia zavodlari ishchilari bir necha bor oyliklar oshirishni talab qilib, namoyishga chiqishgan edi. Shuningdek, yangi avtomobillardan olinadigan soliq imtiyozlari ham iyul oxiridan bekor qilindi.
Bugungi kunda jahon miqyosida dunyoning yetakchi avtomobil ishlab chiqaruvchi mamlakatlari quyidagi tartibda joylashgan: Xitoy, AQSh, Yaponiya va Germaniya. Germaniyaning Volkswagen kompaniyasi esa ushub yilning aprel oyida jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchisiga aylandi.