TOShKENT, 25 sen – Sputnik. Xitoy olimlari dunyoda eng katta radioteleskop — FASTni ishga tushirishdi, Sinxua xabariga asosan.
FAST – Five hundred meter Aperture Spherical Telescope, ya’ni Besh yuz metr aperturali sferik teleskop, oddiyroq qilib aytganda – diafragmasi 500 metr bo‘lgan sfera shaklidagi radioteleskop.
Diametri 500 metr, yuzasi 30 futbol maydoniga teng bo‘lgan teleskop qurilishi 2011-yilda boshlangan bo‘lib, jami 180 mln dollar sarmoya talab qildi. Ulkan teleskop qurilishida Xitoy janubi-g‘arbidagi Guychjoy viloyatining tog‘li hududlarida mavjud bo‘lgan tabiiy relyefdan (chuqurlikdan) unumli foydalanilgan.
Xitoy axborot agentligi xabariga ko‘ra, FAST dunyoda eng tez kompyuterlardan biri — Sky Eye 1 bilan jihozlanadi. Ushbu kompyuter o‘zga sayoralarda hayot qidirish, galaktikalar paydo bo‘lish jarayonlarini va qora materiyani o‘rganish jarayonlarida astronomik hisob-kitoblar bilan shug‘ullanadi.