TOShKENT, 23 sen — Sputnik. O‘zbekiston gidrometsentr markazi ma’lumotlariga ko‘ra, respublikada ob-havo harorati 26-sentabrdan pasayishni boshlaydi. Bu haqda darakchi.uz nashri xabar qilgan.
Xabarda aytilishicha, Turkmanistondan kirib kelayotgan issiq havo oqimi sababli O‘zbekistonda havo harorati keskin ko‘tarilishi kuzatilgan edi.
Kuni kecha O‘zbekistonning ikkita shahrida meteokuzatuvlar tarixidagi eng issiq harorat qayd etildi. Xususan, Termizda 22-sentabr kuni termometr ko‘rsatkichi +39 ˚C (!) ko‘rsatdi. Bu 1980-yilda o‘rnatilgan maksimumdan 0,4 daraja yuqori.
Yuqori harorat Nukus shahrida ham kuzatildi. 22-sentabr kuni maksimal harorat +34,8 ˚C tashkil qildi, bu 2005-yilda o‘rnatilgan rekorddan 1 daraja yuqori.
O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, iliq harorat bir necha kun saqlanib turadi, 26-27 sentabrdan esa termometr ko‘rsatkichi pasayishni boshlaydi.
25 sentabr kuni Qoraqalpog‘istonda yomg‘ir yog‘ish ehtimoli bor.
Toshkentda havo harorati 25-26 sentabr kuni tunda 15-20˚C, kunduzi 31-36, 27-28 sentabr kunlari tunda 13-18˚C, kunduzi 28-33 ˚C tashkil qiladi.