TOShKENT, 19 sen — Sputnik. Checheniston respublikasi rahbarligini vaqtinchalik bajaruvchi Ramzan Qodirov Grozniydagi "Safiya" saroyida Chechen ayollari kuni munosabati bilan tantanali tadbir uyushtirdi, deb xabar beradi RIA Novosti.
Tadbirga Qodirov boshida dubulg‘a, egnida sovut, belida qilich va qo‘lida nayza bilan tashrif buyurdi.
Saroyda mahalliy ijodiy jamoalar a’zolari bo‘lgan qizlar, respublikaning taniqli ayollari yig‘ilgandi.
"Chechen ayollari fan, madaniyat, sog‘liqni saqlash, jamiyat hayotida yildan-yilga yangi cho‘qqilarni zabt etayotganliklari bizni quvontiradi. Chechenistonning barcha ayollarini qizg‘in tabrikladim, ularga tinchlik va farovonlik tiladim. Barcha qizlar chiroyli guldastalar olishdi. Tungi osmonni esa bayram mushaklari yoritdi!" — deb yozadi Ramzan Qodirov o‘zining Instagramdagi sahifasida.
Chechen ayollari kuni respublikada 2009-yil sentabridan buyon har yili sentabrning uchinchi yakshanbasida nishonlanadi. Bayram Kavkaz urushi vaqtida halok bo‘lgan 46 nafar chechen qizlari xotirasiga atalgan.