TOShKENT, 19 sen — Sputnik. Moskvadagi “Ekspotsentr” ko‘rgazmalar markazida WorldFood Moscow-2016 — XXV xalqaro oziq-ovqat mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondan 20ta eng yirik oziq-ovqat korxonalari qatnashdi, deb xabar qilmoqda “Jahon” axborot agentligi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston meva sabzavot yetishtirish borasida ulkan salohiyatga ega ekanligi aytib o‘tildi. Xususan, mamalkatda 17 mln tonna meva-sabzavotlar yetishtirilishi va undan 4 mln tonnadan ortig‘i eksportga jo‘natilishi alohida e’tirof etildi.
Ko‘rgazma tashkilotchilari xabariga ko‘ra, bu yil unda dunyoning 63 mamlkatidan 1500 dan ortiq kampaniyalar ishtirok etgan.
WorldFood Moscow 2016 da O‘zbekiston “O‘zagroeksport” AJ ham qatnashib, rossiyalik hamkorlari bilan muzokaralar o‘tkazishdi. Muzokaralarda O‘zbekistondan Rossiyaga yetkizib berilayotgan meva-sabzavotlar hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.
“O‘zagroeksport”ning marketing va eksport bo‘yicha direktori Sardor Abasxanov aytishiga ko‘ra, bu yil O‘zbekistondan Rossiyaga eksport qilinadigan meva-sabzavotlar hajmi 30-40 %ga oshdi.
“Kelajakda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida biz meva-sabzavot yetkizib berayotgan o‘zbekistonlik korxonalarga qo‘shimcha imtiyozlar berilishi haqida kelishib oldik. Shuningdek biz ayni damda Moskva va Sankt-Peterburgda savdo uylari tashkil qilishning birinchi bosqichida turibmiz. Keyinchalik Rossiyaning barcha hududlarida shunday savdo uylari tashkil qilinadi”, — dedi Abasxanov.
Ushbu ko‘rgazma biz uchun muvaffaqiyatli bo‘ldi, Rossiyaning eng yirik savdo tarmoqlari bilan aloqa o‘rnatdik, deb so‘zini davom ettirdi Abasxanov.
Rossiya Milliy ulgurji-taqsimlash markazlari birinchi ijroiya direktori Vladimir Lishuk ham o‘zbekistonlik mahsulot yetkizib beruvchilar bilan ishlash niyatida ekanligini ta’kidladi.
“O‘zbekistonlik mahsulot yetkizib beruvchilar bilan ishlashga bizda katta xoxish bor. Biz Rossiya rastalarida O‘zbekistondan imkon qadar ko‘proq mahsulot ko‘rishni istaymiz”, — dedi Lishuk.
“Oxirgi yillarda Moskvadagi oziq-ovqat ko‘rgazmasida O‘zbekistondan olib kelinayotgan xilma-xil mahsulotlarni ko‘rishdan juda xursandman. Bu O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sanoatining butun dunyo tomonidan yuqori darajada e’tirof etayotganidan darak beradi. Biz O‘zbekiston meva-sabzavotlarining sifati juda yuqori deb hisoblaymiz, shuni uchun uni Rossiya bozor va savdo tarmoqlarida ko‘rishni istaymiz”, — dedi Federatsiya Kengashining Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat siyosati qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sergey Lisovskiy.