TOShKENT, 18 sen — Sputnik. AQSh boshchiligidagi koalitsiya Dayr az-Zor yaqinida 17-sentabr kuni bergan zarbasidan 62 Suriya askari qurbon bo‘ldi, 100ga yaqin kishi jarohatlandi, RIA Novosti xabariga asosan.
Koalitsiya samolyotlari shanba kuni to‘rt zarba amalga oshirdi. Pentagon vakili aytishiga qaraganda, ular “Islom davlati” pozitsiyalariga zarba berayapmiz deb o‘ylagan ekan. Rossiyalik harbiylar xabaridan keyin ular zarba berishni to‘xtatgan. Zarba berish to‘xtatilgan zamon ekstremistik guruh jangarilari hujumga o‘tgan.
Suriya hukumati BMT Xavfsizlik kengashiga Suriya armiyasi pozitsiyalariga AQSh tomonidan berilgan zarbalar borasida chora ko‘rishni so‘rab ikki maktub yo‘lladi.
Ushbu zarbalar nafaqat Rossiya va Suriya hukumati tomonidan, balkim Suriya muxolifat kuchlari tomonidan ham keskin qoralandi.
Suriya muxolifati kengashi maslahatchisi Yahyo Aridi ushbu zarbalar AQSh tomonidan jangarilar pozitsiyalarini mustahkamlash uchun ishlatilishi mumkin, dedi. Suriya demokratik forumi partiyasi a’zosi Samir Aitaning fikriga ko‘ra, ushbu “yanglishib berilgan zarba”, “Islom davlati”ga qarshi qaratilgan barcha sa’y-harakatlarni puchga chiqarishi mumkin.
“Xmeymim” muxolifat guruhi vakili Mais Kride “qurbon bo‘lganlar Suriya fuqarolari edi. Demak AQSh Suriyaga zarba bermoqda, dedi. Uning fikriga ko‘ra Vashington terrorchilarga qarshi rostakam kurash olib borayotgani yo‘q.
Rossiya Davlat Dumasi Mudofaa qo‘mitasi raisi Andrey Krasovning fikriga ko‘ra, o‘z hatti-harakati bilan AQSh xalqaro terrorchilik bilan kurashishni rejalashtirmayotganini namoyon qildi.
Rossiya TIVining rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa “AQSh hukumat qo‘shlarini qanday “himoya” qilishini namoyon qildi”, — dedi.
“AQSh o‘z hatti-harakati bilan Moskva bilan oldin erishilgan shartnomalardan voz kechayotganini namoyish qildi. Bu esa Rossiya uchun, Suriya hukumati talabiga binoan, Suriya hududidan chet el qo‘shnlarini olib chiqishga yetarli asos bo‘lishi mumkin”, — deb hisoblaydi Davlat dumasi deputati Sergey Gavrilov.
AQSh tomonidan aviazarba berilgan zahotiyoq, Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashining (XK) favqulodda majlisini chaqirdi.
Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vitaliy Churkin AQSh nafaqat o‘t ochmaslik majburiyatini, balkim hukumat qo‘shnlariga zarba bermaslik haqida, Suriya hukumatiga bergan va’dasini ham unutdi. Rossiyalik diplomat AQSh havo kuchlari “tasodifan adashganiga” ishonish qiyinligini ham ta’kidladi.
AQShning BMTdagi doimiy vakili Samanta Pauyer bo‘lib o‘tgan voqeaga o‘zgacha tus berishga urindi. Majlis oldidan jurnalistlarga bo‘lib o‘tgan voqeada Rossiyani aybdor, hatto BMT XKning favqulodda majlisi chaqirilishini ham “surbet va ikkiyuzlamachi qiliq” deb atadi. Majlis vaqtida esa, Pauyer Rossiya vakili nima deb gapirsa ham unga qiziq bo‘lmasligini, bularning hammasi hiyla-nayrang ekanligini aytib, to‘nini teskari kiyib oldi.