TOShKENT, 16 sen — Sputnik. O‘sh viloyati Qora-Suv tumani Mamajon qishlog‘ida shoqollar qabrlarni yorib kirib, murdalar qoldiqlarni yeb ketishmoqda, deb xabar qilmoqda Sputnik Qirg‘iziston nashri mahalliy aholi Kenje Dosbayevdan olingan ma’lumotlarga asoslangan holda.
Dosbayevning so‘zlariga ko‘ra, atrofda sochilib yotgan odam suyaklari qishloq aholisini dahshatga solmoqda.
"Bu suyaklar qarindoshlarimizniki. Biz har kuni ularni qayta ko‘mish bilan bandmiz. Oqshomlari esa qishloqni kezib yuradigan shoqollar xuddi yosh boladek ingrab chiqib, bizni uxlashga qo‘ymayapti. Ular uy jonivorlariga hamla qilgan vaqtlar ham bo‘ldi", — deb hikoya qildi Dosbayev.
Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, qishloq aholisi qopqon va to‘rlar qo‘yib chiqqan.
"Hozircha ikkita shoqol qo‘lga tushdi. Menimcha, ular chatishgan shekilli, ko‘rinishlari juda g‘alati. Orqa oyoqlari va bo‘yni uzun, old oyoqlari esa juda kalta, kaltadum, gardani esa bo‘rinikiga o‘xshab ketadi", — tushintiradi u.
Qishloq oqsoqoli Jonibek Boqiyevning aytishicha, qishloq chetidagi 39 xonadon vakillari namozshom tushishi bilan ko‘chaga chiqishga qo‘rqadigan bo‘lib qolishgan.
"Shoqollar oqshomlari tomorqalarga to‘planmoqda, shu bois qishloq aholisi kechalari polizlarni sug‘orolmay qolgan. Lekin eng yomoni, bolalarimiz maktabga piyoda borgani qo‘rqapti", — dedi Boqiyev.
Hozirda shoqollarni hududdan yo‘qotish uchun tegishli joylarga murojaat yo‘llangani xabar qilinmoqda.
"Agar ularni tez orada yo‘q qilmasak, shoqollar odamlarga ham tashlanmasligiga kafolat bera olmaymiz", — deb fikr bildirdi qishloq veterinariya nazorati mutaxassisi Jolduboy Jo‘raboyev.