TOShKENT, 15 sen — Sputnik. 2016-yilgi Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi doirasida "Poyedem, poyedim!" dasturining suratga olish guruhi O‘zbekiston haqida ikkinchi ko‘rsatuvni tasvirga oladi, deya xabar bermoqda "O‘zbekturizm" Milliy kompaniyasi matbuot-xizmati.
Xabarda aytilishicha, bu safar dastur Toshkent va Xorazm vohalariga bag‘ishlanadi. Ko‘rsatuvning O‘zbekistonga bag‘ishlangan birinchi soni Samarqandda olingan va telekanal tomoshabinlar orasida katta qiziqish uyg‘otgan edi. Shu tufayli yana bir ko‘rsatuvni tasvirga olishga qaror qilishdi.
"Poyedem, Poyedim!" ("Boramiz, tanovul qilamiz") — "NTV" telekanalining 2012-yil oktabrida start olgan loyihasidir.
Bugungi kunda dastur o‘z segmentida Rossiya televideniyesida eng mashhur ko‘rsatuvlardan biridir.
Dasturning bosh qahramonlari sifatida qishloqlar aholisi, ovchilar va baliqchilar, geologlar va oltin izlovchilar, turli millat va xalq vakillari tanlab olinadi. Ularning har biri o‘zi bilgan mazali va foydali taomlar retsepti bilan "NTV" tomoshabinlari bilan bo‘lishadilar.