Akayev: AQShning terrorizmga qarshi kurashdan maqsadi Markaziy Osiyoga kirish bo‘lgan

© Sputnik / Ruslan Krivobok / Mediabankka o‘tishAsqar Akayev
Asqar Akayev - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Keyinroq omma amerikaliklarning ko‘plab maqsadlari borligi va ular xalqaro terrorchilarni yo‘qotishni niyat qilmaganliklariga guvoh bo‘ldi,-deydi Akayev.

TOShKENT, 15 sen — Sputnik. Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Asqar Akayev, RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida AQShning xalqaro terrorizmga qarshi kurashi va u bilan bog‘liq voqealarga to‘xtalib o‘tdi.

Terrorizmga qarshi kurashdan maqsad Markaziy Osiyoga kirish bo‘lgan

2001 yilda Afg‘onistonda operatsiya boshlashdan oldin AQSh Qirg‘iziston va O‘zbekistonda harbiy bazalarini joylashtirgandi.

"2001 yilda prezident Putin, Markaziy Osiyo davlatlarining barcha rahbarlari, dunyoning aksariyat siyosiy yetakchilari Bushning xalqaro antiterroristik koalitsiya tuzish chaqirig‘ini ma’qullashgan, zero o‘sha yili AQShda sodir etilgan terrorchilik harakati butun dunyoni larzaga solgandi… Lekin keyinroq omma amerikaliklarning ko‘plab maqsadlari borligi va ular xalqaro terrorchilarni yo‘qotishni niyat qilmaganliklariga guvoh bo‘ldi. Dunyoning ayrim qismlarida esa aksincha, o‘z geosiyosiy maqsadlariga erishish uchun terrorizmni avj oldirishdi", — dedi Akayev RIA Novostiga bergan intervyusida.

Uning fikricha, amerikaliklar bir vaqtning o‘zida turli maqsadlarni ko‘zlashgan. Terrorizmga qarshi kurash bilan birga AQSh Markaziy Osiyo hududida mustahkam joylashib olishga uringan. "AQSh o‘zini barcha qit’alardagi barcha mamlakatlarning qo‘shnisi deb hisoblaydi. Barcha mamlakatlar ularning manfaatlari doirasiga kiradi. Ularning maqsadi vaziyatni nazorat qilib turishdir. Bu ochiq-oydin – ular Markaziy Osiyo hududini nazorat qilmoqchi", — deb hisoblaydi Akayev.

Xususan, AQSh Qirg‘izistondagi bazasi orqali Rossiya, Xitoy va Hindistonga oid razvedka faoliyatini olib borishga harakat qilgan. Bundan tashqari, “ular Fors ko‘rfazidan Xitoyga bevosita o‘tishi mumkin bo‘lgan neft yo‘nalishini kesib qo‘yishgan, zero Xitoyning bunga ehtiyoji katta edi va quvurlardan biri Afg‘oniston orqali o‘tishi ehtimoli katta edi".

"AQSh Xitoyning bunday oson, bevosita energiya resursiga ega bo‘lishini xohlamadi. Xitoy hozirda jahon yetakchisiga aylanmoqda… Hozirda biz AQSh va Xitoy o‘rtasidagi jahon yetakchiligi uchun kurashga guvoh bo‘lmoqdamiz”, — deydi sobiq qirg‘iz prezidenti.

Terrorizmga qarshi kurash borasida esa AQShning maqsadi jiddiyligi shubha uyg‘otadi, deb hisoblaydi Akayev.

"Chunki ular bu “kurash”ni 15-yildan buyon olib borishmoqda… Xo‘sh, terrorizm yo‘q bo‘ldimi? Ularning terrorizmni tag-tomiri bilan yo‘qotish niyati yo‘qligi ko‘rinib turibdi. Aksincha ularning vazifasi terrorchilarni nazorat qilish va ularni o‘zlariga ma’qul kelmagan davlatlarga yo‘llashdir", — dedi Akayev.

"Manas" orqali Afg‘onistondan geroin olib o‘tishgan bo‘lishi mumkin

Amerikaning Qirg‘izistondagi "Manas" aviabazasi 2001-yilda Afg‘onistonda harbiy operatsiya o‘tkazilishi oldidan paydo bo‘lgandi.

"Ushbu baza doimo birinchi navbatdagi maqsad – harbiylarni tashish, Afg‘onistondagi koalitsiyani yuk bilan ta’minlash xizmatini amalga oshirgan. Ular Afg‘onistondan ortga qaytishayotganida qanday qarorga kelishganini esa bilmaymiz. Ehtimol, geroin olib o‘tishgandir – Xudo biladi. Qaytishda istalgan narsani olib o‘tishgan bo‘lishi mumkin… G‘arb jurnalistlari hatto geroin olib o‘tilgani haqida yozishgandi", — dedi Akayev.

"AQSh Amerika qit’asida o‘z xarajatlarini shu tarzda qoplaganini bilasiz. Buni hamma biladi. Masalan, ularning Lotin Amerikasidagi barcha operatsiyalari… Bu operatsiyalarga hech kim pul to‘lamagan, xarajatlar narkosavdo orqali qoplangan. Nima uchun Afg‘onistonni istisno qilishimiz kerak? Eng yuqori sifatli geroin”, — dedi u intervyu davomida.

Asqar Akayev 1990-2005 yillarda Qirg‘iziston prezidenti bo‘lgan va “lola inqilobi” natijasida hokimiyat tepasidan ketgan. Hozirda Akayev murakkab tizimlar matematik tadqiqot institutida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanmoqda.

Yangiliklar lentasi
0