Mashhur arxeolog va Termizning faxriy fuqarosi Kudzo Kato vafot etdi

© IA JahonArxeolog olim Kudzo Kato
Arxeolog olim  Kudzo Kato - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
"Men yaponman, O‘zbekistonni ikkinchi ona Vatanim deb atayman, ushbu yurtning faxriy fuqarosi ekanligimdan g‘ururlanaman", — derdi Kato.

TOShKENT, 14 sen — Sputnik. 12 sentabr kuni Surxondaryo viloyatida 94 yoshida taniqli arxeolog olim, Yaponiya milliy etnologiya muzeyi faxriy professori, “Do‘stlik” ordeni sohibi, Termiz shahrining faxriy fuqarosi Kudzo Kato vafot etdi, deb yozadi "Jahon" axborot agentligi.

O‘zbekiston haqidagi ko‘plab ilmiy ishlar muallifi, yapon professori O‘zbekistonning yaqin do‘sti edi va o‘zbek xalqini sevardi. U bu yurtni o‘zining ikkinchi Vatani deb atardi.

O‘zbekistonga ilk bor o‘tgan asrning 60-yillarida kelgan Kudzo Kato ushbu o‘lkaning boy tarixiga judayam qiziqib qolgan va Yaponiya bilan O‘zbekistonning ko‘p tomonlama hamkorligini kuchaytirish tarafdori bo‘lgandi.

"Men yaponman, O‘zbekistonni ikkinchi ona Vatanim deb atayman, ushbu yurtning faxriy fuqarosi ekanligimdan g‘ururlanaman", — degandi Kato.

U 25-yildan ortiqroq vaqt davomida O‘zbekiston fanlar Akademiyasi va boshqa ilmiy institutlar bilan uzviy hamkorlik qildi, turli loyihalarda ishtirok etdi, Surxondaryo viloyatida qazishma ishlarini olib bordi. Uning izlanishlari haqida O‘zbekiston tarixi bo‘yicha darsliklarda ham yozilgan.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov Katoning ilmiy hissasini ko‘plab marotaba e’tirof etgandi. " O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati" mavzusidagi xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida so‘zlagan nutqida Islom Karimov yapon professorini ilmiy faoliyati Markaziy Osiyo tarixi, etnografiyasi, arxeologiyasi va san’atining noma’lum bo‘lgan sahifalarini ochishga yordam bergan mintaqaning yirik tadqiqotchisi deb atagandi.

"Uning Buyuk Ipak yo‘lini, Baqtriya davlatini o‘rganishga bag‘ishlangan ishlari, shuningdek, 1989-yildan buyon Surxondaryo viloyatining ko‘hna Dalvarzintepa va Qoratepa shaharlari o‘rnida olib borayotgan arxeologik tadqiqotlari, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Mirzo Bobur va Markaziy Osiyoning boshqa ulug‘ mutafakkirlari asarlarini yapon tiliga qilgan tarjimalari bizning ulkan mintaqamiz tarixi va madaniyati haqidagi bilimlarni jahon mulkiga aylantirish imkonini berdi", — deb ta’kidlagandi Islom Karimov.

Professor Kato o‘z navbatida O‘zbekiston Prezidentining g‘amxo‘rligi va qo‘llab-quvvatlashiga javoban minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda fan arboblari uchun keng imkoniyatlar yaratilganini e’tirof etib kelgan.

Yangiliklar lentasi
0