TOShKENT, 14 sen – Sputnik. Umumjahon Antidoping agentligi (WADA) ma’lumotlar bazasi fosh etilganidan keyin, o‘ziga ishonchni yo‘qotdi, dedi Rossiya Dumasi Xalqaro ishlar qo‘mitasi rahbari Aleksey Pushkov.
Seshanba kuni Fancy Bears xakerlar guruhi WADA ma’lumotlar bazasiga xufiyona kirib u yerdagi ayrim ma’lumotlarni keng ommaga e’lon qildi. Ushbu hujjatlarda aytilishiga ko‘ra, olimpiya chempionlari bo‘lgan ba’zi AQSh sportchilariga, xususan tennischilar Serena Uilyams va Uinus Uilyams, gimnastikachi Simona Baylzga va basketbolchi Yelena Delle Donnga – ta’qiqlangan dorilar qabul qilishga ruxsat berilgan. Undan tashqari, Baylz va Delle Donn avgustda topshirgan analizlarda doping moddasi topilishiga qaramasdan, ular Rio-de-Janeyrodagi 2016 Olimpiada o‘yinlarida oltin medal sovrindori bo‘lishgan.
“Amerika sportchilariga doping qabul qilishga ruxsat bergan tashkilotga, ya’ni WADAga, hech qanday ishonch bo‘lishi mumkin emas”, — dedi Pushkov o‘zining Twitterida.
Eslatib o‘tamiz ushbu ma’lumotlar ma’lum bo‘lgan zahotiyoq, WADA xaker hujumida Rossiyani ayblagan edi.
"Fancy Bear nomi bilan tanilgan rossiyalik xakerlar guruhi, WADAning ADAMS ma’lumotlar bazasiga noqonuniy kirishga muvaffaq bo‘lganini tasdiqlaymiz. Ular buning uchun, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi akkauntlardan biridan foydalangan. Xakerlar sportchilar haqidagi ma’lumotlarni, jumladan 2016-yilgi Olimpiya o‘yinlariga taaluqli maxfiy tibbiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishgan”, — deyilgan WADA xabarida.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov WADAning ushbu ayblovini mutlaq rad etib rasmiy Moskva va Rossiya xizmatlarining bunga aloqasi yo‘qligi ta’kidladi.
“Bunday yuzaki fikrlash va dalil-isbotsiz birovni ayblash hech qanday tashkilotning obro‘sini oshirmaydi”, — deb so‘zini yakunladi Peskov.
Biroz oldin Vladimir Putin ham shunga o‘xshash savolga javob bera turib, zamonaviy xakerlar o‘z harakatlari izlarini uchinchi mamlakatlar orqali qoldirishi mumkinligi aytib o‘tgan edi.