TOShKENT, 12 sen — Sputnik. Dunyodagi tartibni saqlash birgina Pentagonning emas, balki barcha davlatlarning tabiiy burchi, dedi Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Pentagon rahbari Eshton Karterning aybloviga javoban, deb xabar beradi RIA Novosti.
"Va amerikalik hamkasblarimiz buni qanchalik tez anglab yetsalar va o‘zgarishni boshlasalar, to‘planib qolgan turli kelishmovchiliklar shunchalik tez barham topadi. Bo‘lib ham faqatgina Suriya masalasigina emas, boshqalari ham", — qo‘shib qo‘ydi u.
Shoygu jahondagi tartibni amerkacha tartib bilan adashtirmaslikni so‘rarkan, Rossiya har doim adolatli va ko‘p qutbli dunyoni saqlab qolish uchun harakat qilishini ta’kidladi.
Mudofaa vaziri “aynan AQSh g‘arblik hamkorlari bilan Bosniya va Kosovodan boshlab Iroq va Liviyaga qadar amaldagi dunyo tartibi asoslarini sobitqadamlik bilan yemirib borganini” eslatdi.
Shoyguning aytishicha, har safar “amerikaliklar Iroq, Afg‘oniston, Liviya, boshqa mamlakatlarda pand yesalar ham bundan hech qanday xulosa chiqarmaydilar".
Uning fikricha, Qo‘shma Shtatlar “o‘zini oqlash uchun hamma aybni mustaqil qarashlariga ega Rossiya, Xitoy va boshqa mamlakatlarga ag‘darish o‘rniga” harakatlar strategiyasini o‘zgartirishi lozim.
Ilgariroq Karter Oksford universitetida chiqish qilar ekan, Rossiya dunyo tartibi asoslarini qo‘porib tashlashga urinayotganligini aytgandi. U AQSh Rossiyani dushman sifatida ko‘rmasligini, lekin “ittifoqchilari, dunyodagi tartib va u beradigan yorqin kelajakni” himoya qilishini qo‘shib qo‘ygandi.