TOShKENT, 12 sen — Sputnik. Andijon viloyatidagi avtomobillargayoqilg‘i quyish shoxobchalaridan birida gaz balloni bilan jihozlangan Lacetti avtomobili portlab ketdi, deb xabar beradi Nuz.uz. Voqea 11-sentabr kuni avtomobilga gaz to‘ldirish paytida yuz bergan.
Portlash oqibatida mashina parchalanib ketgan. Asosiy zarba shoxobchada o‘rnatilgan beton to‘siqlarga urilgani bois jabrlanganlar bo‘lmagan.
Taxminlarga qaraganda, portlashga avtomobilning sifatsiz texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi sabab bo‘lgan. Ayrimlar esa avtomobil gaz ballonida bosimning ortiqcha ko‘payib ketganligi sababli portlagan degan fikrda.
Gaz ballon uskunalari o‘zbekistonlik haydovchilar tomonidan yoqilg‘ining arzonligi va ekologikligi bois keng qo‘llaniladi. O‘zbekistondagi GM-O‘zbekiston avtozavodi yaqinda gaz balloni bilan jihozlangan avtomobillar ishlab chiqarishni boshladi. Avtomobillarga o‘rnatilgan uskuna to‘liq sertifikatlangan va barcha xavfsizlik meyorlariga javob beradi.