Toshkentdagi "Abu Saxiy" bozorida tekshiruv ishlari boshlandi

© UZ24.uzToshkentdagi "Abu-Saxiy" bozori
Toshkentdagi Abu-Saxiy bozori - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Tekshiruvlar valyuta va bojxona qonunchiligini buzganlik fakti yuzasidan amalga oshirilmoqda va bu holat hozircha bozor faoliyatiga ta’sir ko‘rsatgani yo‘q.

TOShKENT, 8 sen — Sputnik. Soliq organlari Toshkentning eng yirik "Abu Saxiy" bozorida o‘tkazilayotgan moliya-xo‘jalik tekshiruvi doirasida hujjatlarni musodara qila boshladi, deya xabar qildi Sputnik muxbiriga kuch organlaridagi manba.

Manbaga ko‘ra, tekshiruv ishlari so‘nggi bir necha yillar davomida kelib tushgan agentura ma’lumotlari asnosida tashkillashtirilgan. Aniqroq qilib aytganda, "bozorda valyuta qonunchiligining buzilishi, tovarlarning O‘zbekistonga bojxona qonunchiligini buzgan holda olib kirilishi va soliq yig‘imlari to‘lanmagan holda sotilishi" tekshiruv ishlari boshlanishiga sabab bo‘lgan.

"Qizig‘i shundaki, yuqoridagi qonunbuzarliklar toshkentliklar uchun sir emasdi. Bozor ishlari, shuningdek, xorijiy maishiy texnika va bu yerda sotiladigan boshqa tovarlar importi bilan shug‘ullanadigan boshqaruv kompaniyasi, O‘zbekistonning Birinchi Prezidentining kenja qizi Lola Karimova-Tillayevani turmush o‘rtog‘i Timur Tillayev tomonidan nazorat qilinardi. Manbaga ko‘ra, aynan shu tufayli kompaniya rahbariyati va nazorat organlari o‘rtasida uzoq yillar davomida hech qanday muammolar yuzaga kelmagan.

Suhbatdosh, hozirgi tekshiruvlarga o‘xshash voqea "Abu Saxiy"da 2013-yilda Islom Karimovning ikki qizi — Lola va Gulnora Karimovalar o‘rtasida iqtisodiy manfaatlar tufayli yuzaga kelgan mojaro vaqtida ham yuz berganini eslatib o‘tdi. Aytilishicha, o‘shanda bu ish tinchlik bitimining tuzilishi bilan yakunlangan va, natijada, "Abu Saxiy" boshqaruv kompaniyasining bir qismi Gulnoraning qo‘liga o‘tgan.

Manbaning Sputnikka bergan xabariga ko‘ra, "qora" sxemalardan foydalanganlik tufayli "Abu Saxiy"da boshqa bozorlarga nisbatan tovarlar chindan ham birmuncha arzon bo‘lgan. Xususan, bojxonani "aylanib o‘tgan" holda Xitoydan texnika, kiyim-kechak, poyabzallarni olib kirish orqali bunday natijaga erishilgan. Tabiiyki, bojxona to‘lovlari to‘lanmagani bois, tovarlarning qiymati rasman olib kirilgan analoglariga nisbatan ancha past edi.

Xabarga ko‘ra, bugungi kunda teshiruvlar oddiy iste’molchilar va sotuvchilarga ta’sir etgani yo‘q. Bozor odatiy tartibda faoliyat yuritmoqda — "Abu Saxiy" o‘z mijozlarini kilometrlarga cho‘zilgan tirbandliklar bilan qarshi olmoqda.

Sputnik tomonidan so‘roqqa tutilgan ekspertlar, bu hodisaga Islom Karimov vafotidan keyin mulkni qayta taqsimlash sifatida qaramaslikka chaqirishmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, tekshiruvlar shundan dalolat berishi mumkin-ki, gar Timur Tillayev bungacha ma’lum imtiyozlardan foydalangan va shu tufayli nazorat organlari bosimidan saqlanib kelgan bo‘lsa, endilikda esa u "ko‘pchilikka kelgan to‘y" deya sabr qilishiga to‘g‘ri keladi.

Yangiliklar lentasi
0