TOShKENT, 8 sen – Sputnik. “Islom davlati” jangarilari chekinishda davom etmoqda. IDga qarshi asosiy janglar hali oldinda bo‘lsa-da, terrorchilar ustidan g‘alaba qozonilganidan keyin qanday nizolar kelib chiqishi mumkinligi haqida ham o‘ylash vaqti keldi. Amerikaning The Washington Post gazetasi ID yo‘q qilinganidan keyin kelib chiqishi mumkin bo‘lgan o‘nta nizodan iborat ro‘yxatni tuzdi, deb xabar beradi RIA Novosti.
1. AQSh qo‘llab-quvvatlayotgan suriyalik kurdlar Turkiya qo‘llab-quvvatlayotgan arab kuchlariga qarshi
Aslida bu urush boshlanib bo‘ldi. Turk kurdlarining ayirmachi birlashmalariga qarshi kurashayotgan Anqara suriyalik kurdlar Vashingtonning qo‘llab-quvvatlashi tufayli kuchayishayayotgani va Turkiya shimoli-sharqida nazoratni kuchaytirishayotganini xavotir bilan kuzatmoqda. Turkiya bilan ittifoqchi bo‘lgan suriyalik arablar ham kurdlarning istilosiga qarshi turibdi. Shuning uchun Turkiya “Islom davlati”ga qarshi urushda suriyalik isonchilarga yordam berish uchun mamlakatga bostirib kirganida Anqaraning yana bir nishoni kurdlar bo‘lganligi aniq-ravshan. AQShning bu nizoni kuchayib ketishining oldini olishga kuchi yetarmikin.
2. Turkiya va suriyalik kurdlar
Bu urush ham yuqoridagi urushga o‘xshab ketishi mumkin edi, lekin kengroq miqyosda bo‘ladi. Ayni paytda Turkiya Suriyaning ID egallab olgan hududlarigagina kirish bilan chegaralanmoqda. Lekin Anqara o‘z chegaralari atrofida kurdlar davlati paydo bo‘layotganidan ham tashvishlanmoqda. Kurdlar bu yerda 2016-yilning boshida o‘z muxtor viloyatlari tashkil etilganini e’lon qilishgan va endilikda Turkiya ushbu hududdan himoyalanish maqsadida chegara bo‘ylab devor tiklamoqda. Agarda bu hududda keskinlik saqlanib qoladigan bo‘lsa, u holda turklarning kurdlar makoniga bostirib kirishlari ehtimoli yuqori bo‘ladi.
3. Suriya kurdlari va Suriya hukumati
Suriya hukumati ham o‘zlarining hududiy da’volarini e’lon qilayotgan kurdlardan xavotirda. Hukumat yaqin vaqtgacha ular bilan ittifoqda bo‘lib, Suriya prezidenti Bashar Asad hukumat ularga qurol yetkazib berayotganini ham aytgandi. Biroq kurdlar muxtoriyat e’lon qilganidan keyin ittifoqchilikka putur yetdi va endilikda har ikki tomon muntazam qurolli to‘qnashuvda qoldi.
4. AQSh va Suriya
Suriya inqirozining o‘tgan besh yili davomida AQSh va Suriya o‘rtasidagi urush istalgan vaqtda boshlanib ketishi mumkin edi. Lekin bunday hol yuz bermaganligi tomonlarning nizoni qanchalik istashmayotganligidan darak beradi. Biroq IDga qarshi urush AQSh qo‘llab-quvvatlayotgan muxolifatchilar va Suriya hukumati armiyasi o‘rtasidagi urushga aylanib ketishi mumkin.
5. Turkiya va Suriya
Turkiyaning Suriyaga kirishi hozircha ID va kurdlarga qarshi kurash bilan cheklanmoqda. Agar Anqaraning IDga qarshi kurashi muvaffaqiyatli kechsa, tez orada turk qo‘shinlari Halab yaqinida Suriya hukumat qo‘shinlari bilan yuzma-yuz kelishlari mumkin.
6. Iroq kurdlari va Iroq hukumati
Suriya kurdlari kabi iroqlik kurdlar ham mustaqillik e’lon qilishlari va Bag‘dod nazoratidan chiqishga urinishlari mumkin. AQSh qo‘llab-quvvatlayotgan Iroq hukumati ID ustidan to‘liq g‘alaba qozonilgach kurdlar yashayotgan hududlar qaytarib olinishini bildirmoqda. Yana o‘sha AQSh qo‘llab-quvvatlayotgan kurdlar esa qonlari va jonlarini berishayotgan bu yerlarni berish niyatida emasliklarini bildirishdi. Bu bahs “Islom davlati” muammosi paydo bo‘lmay turib boshlangan edi.
7. Iroq kurdlari va shia isonchilari
Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi shia isonchilari ID bosib olgan hududlarni qaytarib olishda yetakchi rolni bajarishmoqda. Ular AQSh qo‘llab-quvvatlayotgan kurd harbiy tuzilmalariga qarshi chiqishdi va ularni o‘z hududlaridan siqib chiqarishmoqda.
8. Kurdlar kurdlarga qarshi
Kurdlar yagona shakllangan elat emas. Agarda turli kurd guruhlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz beradigan bo‘lsa, bu eng murakkab vaziyatlardan biri bo‘ladi. Kurdlar deyarli hamma narsani bir-birlari bilan qiyin bo‘lishishgan. Ular 1990-yillarda ikki guruhga bo‘linib qaqshatqich janglar olib borgan. Oxir-oqibat ular suriyalik va iroqlik kurdlarga ajralishgan.
9. Sunniy arablar shialar va yoki kurdlarga qarshi
“Islom davlati”ni yakson qilish jarayonida asosan sunniylar yashagan shahar va qishloqlar kurdlar yoki shialar ko‘pchilikni tashkil etuvchi kuchlar tomonidan egallandi. Aksariyat sunniylar jangarilarga qarshi kurashish uchun ular bilan birlashdi. Biroq shialar va kurdlar tomonidan sunniylarga qarshi suiiste’molliklar yuz berayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Agarda bu muammoga siyosiy yechim topilmasa, sunniy isonchilar harakati paydo bo‘lishi mumkin.
10. "Islom davlati"ning qoldiqlari hammaga qarshi
"Islom davlati" hali ham Suriya va Iroqda katta hududni nazorat qilib turibdi. IDning “poytaxtlari” Raqqa va Mosulga esa endi hujum qilinadi. Agarda IDga qarshi kurashayotgan guruhlar kelishuvga erisha olmasa, bu hujum noma’lum muddatga qoldiriladi. Harbiy muvaffaqiyatlar siyosiy qarorlar bilan mustahkamlanmasa, bu boshboshdoqlikka olib keladi.