TOShKENT, 8 sen — Sputnik. O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova YouTube videoxostingida Prezident Islom Karimovning vafoti munosabati bilan videomurojaat joylashtirdi.
Murojaatda xonanda muxolifatchilarga qarata “Men hech qachon hech kimning quroli bo‘lgan emasman. Men hamisha xalq tarafdaman!” deydi.
“Butun dunyo, barcha podshohlar “bizni ham shunday kuzatisharmikan?”deya havas qildi. Muxolifatchilar xursand bo‘lmasin”, deydi Yulduz Usmonova.
Xonanda shuningdek, xalqqa ham murojaat qilar ekan, “Hammangizga murojaat, xalqimizga murojaatim – birlashinglar! O‘zbekiston xalqi, yoshlarimiz, ishonmang har xil bo‘lmag‘ur gaplarga. Hech kim bu yurtda urush bo‘lishini xohlamaydi”, deydi.
Xonanda Turkiyada yashagan davrida uni o‘zlariga og‘dirish uchun harakat qilishgani, lekin bularning bari befoyda ekanligini ta’kidlaydi.
Murojaat so‘ngida Yulduz Usmonova O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov boshchiligida qurilgan tizim borligini, O‘zbekiston Islom Karimov boshlab bergan yo‘lda davom etishini ta’kidlab, barchaga sog‘lik-salomatlik tilaydi.