TOShKENT, 6 sen – Sputnik. Moskvadagi “Brateyevo” madaniyat uyida Rossiya federal yig‘ini Davlat Dumasiga deputatlikka nomzod Ibragim Xudayberdiyevning Orexovo-Borisovo okrugidagi mahalliy aholi, urush va mehnat faxriylari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda deputatlikka nomzod yig‘ilganlarni o‘z dasturi bilan tanishtirdi.
Ibragim Xudayberdiyev o‘z dasturida xususan millatchilik, radikal islom va ID ekstremistik guruhining g‘oyalari tarqalishiga, millatlararo nizolar, etnik jinoyatlar sodir etilishining oldini olishga e’tibor qaratilganini bayon etdi.
Yig‘ilganlar respublikaning mustaqillik yillarida har tomonlama rivojlanishi, mamlakatda tinchlik-xotirjamlikning ta’minlanishi hamda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi mustahkam do‘stona aloqalarning o‘rnatilishi bevosita O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov nomi bilan bog‘liq ekanligini ta’kidlashdi. Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish ma’nosida bir daqiqalik sukut saqlandi.
Uchrashuv davomida Rossiyada istiqomat qiluvchi turli millatlar tillarida qo‘shiqlar yangradi, raqslar ijro etildi, Rossiya, O‘zbekiston, do‘stlikni madh etuvchi she’rlar o‘qildi.