TOShKENT, 5 sen – Sputnik. O‘zbekiston terma jamoasining murojaatiga ko‘ra, Qatarga qarshi o‘yin O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning yorqin xotirasi uchun 1 daqiqalik sukut bilan boshlanadi, deyiladi O‘zbekiston futbol federatsiyasining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Shuningdek, sahifada O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari Qatarga qarshi o‘yinda qora rangdagi motam bog‘ichida maydonga tushishlari ham aytilgan.
Qatar-O‘zbekiston uchrashuvi ertaga Toshkent vaqti bilan soat 21.00da Qatardagi Jassim Bin Hamad stadionida boshlanadi.
O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov 2-sentabr kuni insult oqibatida vafot etdi. 3-sentabr kuni Samarqandda prezidentni dafn etish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda minglab mahalliy aholi va 17 mamlakat delegatsiyalari qatnashdi.