Terrorchi tarixi: harbiylikdan ID rahbarligigacha

© SputnikGulmurod Halimov tasvirlangan videolavha.
Gulmurod Halimov tasvirlangan videolavha. - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Tojikiston militsiyasining maxsus ahamiyatga ega bo‘linmasi (OMON) sobiq komandiri Gulmurod Halimov “Islom davlati” terrorchilik guruhida ikkinchi shaxsga aylandi.

TOShKENT, 5 sen — Sputnik. Al-Tojikiy nomi bilan tanilgan Gulmurod Halimov shu yilning iyulida yo‘q qilingan Tarxan Batirashvili (Umar ash-Shishani)ning o‘rnini egalladi, deyiladi Sputnik Tojikiston chop etgan maqolada.

U bu lavozimga rasman o‘tirmadi, OAVning aytishicha, guruhdagilar Halimovga nisbatan ayovsiz ov e’lon qilinishi va uning boshiga ham ilgarigi harbiy yetakchisining taqdiri tushishidan xavotirda.

Iroqning Naynavo viloyati xavfsizlik xizmatidagi manbaning aytishicha, harbiy rahbar lavozimini egallagan Halimov Abu Bakr al-Bag‘dodiydan keyingi ikkinchi shaxsga aylandi. Ma’lumotlarga qaraganda, uning bir yil ichida bu mavqega erishishiga Halimovning harbiy tayyorgarligi va Markaziy Osiyo, xususan Tojikistondan yoshlarni o‘z safiga jalb eta olishdagi mahorati sabab bo‘lgan.

Xavfsizlik xizmatining no‘noqligi

Tojikiston OMONi rahbarining ID safiga qo‘shilganligi haqidagi xabar butun mamlakatni karaxt ahvolga solib qo‘ydi. 2015-yilning 23-aprelida Halimov ishga chiqmadi, qarindoshlari uning tez orada qaytishini aytib qayergadir ketganini bildirishdi. 27-may kuni esa ijtimoiy tarmoqlarda polkovnik o‘zining ID safiga qo‘shilganligi haqidagi videotasvirni joylashtirdi.

Bunday yuqori martabali harbiyning IDga qanday qilib qo‘shilib qolganligi, mamlakatda terrorizmga qarshi kurash kuchayib borayotgan bir paytda xavfsizlik xizmatining bu qadar no‘noqlik qilgani ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘ldi.
Respublika IIV avvaliga anchagacha ushbu videotasvirga izoh bermadi, keyin esa Halimov haqiqatan ham mamlakatni tark etgani va Suriyada ekanligini tan oldi.

28 may kuni Tojikiston bosh prokuraturasi Halimovga nisbatan jinoyat kodeksining uchta:  davlatga xiyonat, jinoiy tuzilmada qatnashish va boshqa mamlakat hududidagi harbiy nizo yoki harbiy harakatlarda ishtirok etish moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘adi.

O‘tgan yilning 25-iyulida IIV rahbari Ramazon Rahimzoda matbuot anjumanida Gulmurod Halimov qilgan ishidan pushaymon ekanligini, mamlakatga qaytib qonun oldida javob bermoqchiligini bildirdi. "Lekin josus, o‘z otasi, farzandlari, vatanini sotgan xoinga shafqat yo‘q. Uning taqdiri uning muammosi", — dedi vazir.

2015 yil dekabrda tojik OAVda noma’lum manba ma’lumotiga ko‘ra Halimov jiddiy yaralangani va endi nogiron bo‘lib xo‘jayinlariga kerak bo‘lmay qolganligi hafqida xabar tarqaldi. Ushbu ma’lumotni tojik kuch tuzilmalariga Suriyadan Tojikistonga o‘z ixtiyori bilan qaytgan jangari aytganligi ro‘kach qilindi.

Iyunda Interpol Halimovni qidiruvdagi va Tojikistonga ekstraditsiya qilinuvchi shaxslar ro‘yxatiga kiritdi. Sentabrda AQSh hukumati uni terrorchilar ro‘yxatiga qo‘shdi, 2016-yil fevralida esa u BMTning sanksion ro‘yxatiga kiritildi.

Keyin esa Halimov haqida unutildi. Kimdir uning tuzalib ID safiga qaytganini, yana kimdir u allaqachon o‘lganligini aytdi. U haqda hech qanday rasmiy xabar berilmadi. Yaqinda, g‘alati tasodifga ko‘ra Vashington Halimovning qayerda ekanligi haqidagi ma’lumot uchun uch million dollar mukofot e’lon qilganidan bir necha kun o‘tgach u rahbarlik lavozimini egallaganligi haqida xabar tarqaldi.

Taxminlar

Qanday qilib yuqori lavozimli amaldor hech kimning shubhasi ostiga tushmasdan Suriyaga osongina qochib ketdi? U qanday qilib aeroportda chegarani ruxsatsiz kesib o‘tdi? Aslida yuqori lavozimli amaldorlar respublikani faqat davlat rahbarining ruxsati bilangina tark etishlari mumkin-ku.

Yana bir savol. U nima uchun bu yo‘lga kirdi? Nafaqat Tojikistonda, balki AQSh va Rossiyada ham ko‘plab yillik tayyorlovdan o‘tgan harbiy bunday qadam tashladi?

Bu borada bir nechta taxminlar mavjud.

Norozilik

Ishonish mumkin bo‘lgan taxminlardan birini Gulmurod Halimovning o‘zi aytgan. U tarqatgan videotasvirida Tojikiston IIVning ish uslubi, namoz o‘qish va musulmonlar kiyimida yurishning taqiqlanishiga qarshi ekanligini shu tarzda ifodalayotganini izohlagan. U shuningdek Tojikiston hukumati siyosatini, Dushanbening Rossiya va AQSh bilan aloqalarini tanqid qilgan.

Dindorlik

Yana bir sabab sifatida esa uning xalifalik tuzish zaruriyatiga ishonishi keltiriladi. Qaysidir darajada u bu fikrni tasdiqlaydi. Aytishicha, u 2001 yildan buyon namoz o‘qib keladi. U Tojikiston va islom dini tarixini bilgani bois ID safiga kirganini ta’kidlaydi. Uning qarindoshlari, hamkasblari esa Halimov hech qachon xudojo‘y bo‘lmagani va namoz o‘qimaganini bir ovozdan ta’kidlashadi.

Pul uchun

Ayrimlar Halimov Suriyaga mo‘may pul ilinjida ketgan deb hisoblashadi. Lekin bu taxminga hech kim jiddiy e’tibor qaratmadi. OAVning ma’lumotiga ko‘ra Suriyadagi yollanma askarlar oyiga 600dan 1000 dollargacha olishadi. Agar jangari xotini va bolasi bilan kelgan bo‘lsa mos ravishda qo‘shimcha 50 va 35 dollar pul oladi.

Darvoqe, Halimovning oilasi, aniqrog‘i uning ikkinchi xotini va to‘rt nafar farzandi 2016-yilning fevralida Suriyaga ketishgan. Hech qanday to‘sqinliklarsiz…. Yanada qizig‘i, 43 yoshli Humayro Mirova bojxona xizmati matbuot markazining boshlig‘i lavozimida ishlagan. U kapitan unvoniga ega bo‘lgan, bojxonaga o‘tguniga qadar Tojikiston IIV matbuot xizmatida ishlagan va shu yerda Halimov bilan tanishgan.

"Harbiy sindrom"

Ayrim ekspertlarning fikricha, Halimovning qochib ketishiga "harbiy sindrom" sabab bo‘lgan. Halimov Tojikistondagi fuqarolar urushi davrida prezident gvardiyasida xizmat qilgan. So‘ngra Tojikiston IIV tizimida serjantlikdan polkovniklikkacha erishgan, Rasht va Xorug‘dagi qurolli to‘dalarga qarshi operatsiyalarda ishtirok etgan. U nafaqat urushni, balki urushdan keyingi nizolarni ham ko‘rgan. Harbiy harakatlarda qatnashish esa har doim o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Jarohatdan keyingi ruhiy zo‘riqish sindromi odatda harbiy harakatlarda ishtirok etgan kishilarda uchraydi. Har bir bemorda kasallik turlicha kechadi: kimdir o‘ta qo‘rqoq bo‘lib qolsa kimdir xayolan urushga qaytadi va tajovuzkor bo‘lib qoladi. Tibbiyotchilarning aytishlaricha, urush ham o‘ziga xos giyohvandlikdir. Shuning uchun aksariyat harbiylar xizmatni o‘tab bo‘lganidan yoki urushdan keyin dunyoning har qanday “qaynoq nuqtasi”da yollanma askar sifatida ishlashga ketib qoladi.

Yangiliklar lentasi
0