TOShKENT, 5 sen — Sputnik. O‘zbekiston Prezidentining 2016-yil 26-avgustdagi qaroriga asosan Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish instituti etib qayta tashkil qilindi.
Bu avtomobil yo‘llari qurilishi sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va shuning asosida O‘zbekiston milliy avtomagistralini, umumrespublika va mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarini istiqbolda rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish talablari hamda vazifalarini hisobga olgan holda respublikaning loyiha, qurilish va yo‘ldan foydalanish tashkilotlarining yuqori malakali muhandis kadrlarga nisbatan ortib borayotgan talab-ehtiyojlarini ta’minlash imkonini beradi.
Qarorga ko‘ra, bir oy muddatda tugatilayotgan Toshkent avtomobil-yo‘llar institutining rahbarlari va professor-o‘qituvchilarini attestatsiyadan o‘tkazib, so‘ngra institutning tasdiqlangan tuzilmasiga muvofiq, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish institutining fakultet va kafedralarini yuqori malakali kadrlar bilan butlashi lozim.
Toshkent avtomobil-yo‘llar institutining tugatilayotgan va qayta tashkil etilayotgan ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavriat va magistratura talabalarining respublika turdosh (ixtisoslashgan) oliy o‘quv yurtlarining tegishli ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga o‘tkaziladi.
Qarorda o‘quv jarayoniga yetakchi ta’lim va ilmiy markazlar, tashkilotlar va korxonalarning, shu jumladan xorijiy mamlakatlarning eng tajribali, yuqori malakali mutaxassislarini shartnoma asosida jalb etish ko‘zda tutilgan.