TOShKENT, 5 sen – Sputnik. Interpol saytida Tojikistonda taqiqlangan islom uyg‘onish partiyasi rahbari Muhiddin Kabiriy qidirilayotgani haqidagi ma’lumotni joylashtirdi, deb xabar beradi RIA Novosti.
Ma’lumotda 51 yoshli Kabiriy Tojikiston sud hokimiyati tomonidan “terrorizm, jinoiy guruh tuzish va tovlamachilik”da ayblanib qidirilayotgani bildiriladi.
Kabiriy Tojikistonni 2015 yil martidagi parlament saylovlaridan keyinoq tark etgandi. Uning aniq manzili noma’lum, lekin taxminlarga ko‘ra u YeI davlatlaridan birida panoh topgan.
Iyul oyida Tojikiston ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda Dushanbedagi matbuot anjumanida Tojikiston xalqaro politsiya bilan Kabiriyni qidiruvga berish va uning ekstraditsiyasi bo‘yicha kelishuv olib borilayotganini ma’lum qilgandi.
Tojikiston hukumati 2015-yilning 4-sentabrida amalga oshirilgan qurolli ison ortida islom uyg‘onish partiyasi turganligini bildirgandi. Partiya davlat to‘ntarishiga urinishni moliyalashtirishda ayblangan. Tojikiston oliy sudi tomonidan ushbu partiya ekstremistik-terrorchi guruh sifatida faoliyati taqiqlangan.